Kundalik hayotimizda elektr tarmog'i orqali uzatiladigan elektr energiyasidan foydalanishga odatlanganmiz. Ammo dunyoda allaqachon, muqobil energiya manbalari, xususan, quyosh panellaridan foydalanish ommalashmoqda. Ular arzon bo'lish bilan birga, sizni “svet” tez-tez, ayni kerak paytida o'chib qolishi muammosidan xalos etadi.

Energetika vazirligining ma'lum qilishicha, uydagi xonalarni yoritish, ikkita televizor, bitta muzlatkich va bitta konditsioner ishlatish uchun 3 kVt quvvatli quyosh panellari kerak bo'ladi. Bunday panellarni o'rnatish narxi — 18 milliondan 30 million so'mgacha boradi, deb keltirmoqda “O'zeltexsanoat” uyushmasi.

Quyosh suv isitgichlari ancha arzonroq. Kuniga o'rtacha 100 litr suvni isitadigan qurilma o'rnatish xarajatlari bilan birga, taxminan 3 million so'mga tushadi. Zamonaviy kollektorlar quyosh botganidan keyin ham uyni issiq suv bilan ta'minlay oladi.