Mazkur tantanali marosimda Oliy Majlis Senati Raisi, Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisi Tanzila Narbayeva ham ishtirok etdi hamda yozgi Olimpiya oʻyinlari ishtirokchilariga omad tiladi.
Ulkan natijalarga erishish yoʻlida sportchilarimiz murabbiylari bilan mashaqqatli mehnat qilgani, Olimpiada litsenziyasi uchun keskin kechgan musobaqalarda eng kuchli raqiblarini yengib, haqiqiy sport liderlariga aylangani taʼkidlab oʻtildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasining bu yilgi Olimpiya oʻyinlarida ham oʻz tarixida eng koʻp ayol sportchi bilan qatnashishi eʼtirof etildi. Bu esa, mamlakatimizda xotin-qizlar sportiga berilayotgan alohida eʼtiborning natijasidir.
Soʻzga chiqqan barcha tadbir ishtirokchilari joriy yozgi Olimpiya oʻyinlarida ham sportchilarimiz shohsupaning eng yuqorisidan joy olib, yurtimiz bayrogʻini koʻklarga koʻtarishiga hamda davlatimiz madhiyasining baralla yangrashiga oʻz hissasini qoʻshishiga ishonch bildirdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.