Oʻzbekiston sud tizimi - qonuniy, adolatli, zamonaviy va xalqparvar

    Dolzarb 6 Oktabr 2021 4976

    Oʻzbekistonda sud-huquq tizimini demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

    Ushbu fikrning tasdigʻi uchun dastavval birgina misol — shu yildan mamlakatimizda jinoyat ishlari boʻyicha aybga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv joriy qilinganiga eʼtibor qarataylik. Bu oʻrinda 2021-yil 18-fevralda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun haqida soʻz boradi, albatta.

    Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, uchta muhim institut amaliyotga joriy etildi. Bular koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish; jinoyat ishi boʻyicha dastlabki eshituv; aybga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv institutlaridir.

    Koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish — guvoh va jabrlanuvchini ishni sudga qadar yuritish bosqichida prokurorning iltimosiga koʻra soʻroq qilish boʻlib, bu sud tomonidan amalga oshiriladi. Guvoh va jabrlanuvchini obyektiv sabablarga koʻra keyinchalik soʻroq qilish mumkin boʻlmay qoladigan hollarda ularning koʻrsatuvlari oldindan mustahkamlab qoʻyilishi mumkin.

    Jinoyat ishi boʻyicha dastlabki eshituv — jinoyat ishini toʻxtatib turish, tugatish, birlashtirish, ayblov dalolatnomasi yoki xulosasini, tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorni prokurorga yuborish hamda nomaqbul dalillarni chiqarib tashlash uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda oʻtkaziladi. Dastlabki eshituvni oʻtkazish davomiyligi 10 sutkadan oshmasligi kerak.

    Aybga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv — oʻta ogʻir jinoyat hisoblanmaydigan jinoyatlar boʻyicha aybiga iqror boʻlgan, jinoyatni ochishga koʻmaklashgan va zararni bartaraf etgan gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining iltimosnomasiga asosan, prokuror bilan tuziladigan institut. Qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, aybga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzilganda jinoyatlar boʻyicha jazo belgilangan eng koʻp jazoning yarmidan oshmagan holda tayinlanadi.

    Mazkur qonun bilan jinoyat ishida himoyachi ishtirok etishi shart boʻlgan holatlar kengaytirilganini alohida taʼkidlash joiz. Shu nuqtayi nazardan, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, birinchidan, shaxs amalda ushlangan yoki uni ushlash bilan bogʻliq tezkor-qidiruv tadbiri yakunlangan paytdan boshlab, u bilan bogʻliq protsessual harakatlar amalga oshirilgunga qadar himoyachi bilan xoli uchrashishi taʼminlanadi. Ikkinchidan, tezkor-qidiruv faoliyatni amalga oshiruvchi organlar tomonidan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchidan arizalar, tushuntirishlar va koʻrsatuvlar olish surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudyaning yozma ruxsatiga asosan, faqat himoyachi ishtirokida amalga oshiriladi. Albatta, himoyachidan voz kechilgan hollar bundan mustasno.

    Bundan tashqari, ushlab turish muddati shaxs amalda ushlangan paytdan eʼtiboran koʻpi bilan 48 soatni tashkil etadi. Ilgari bu muddat shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organga keltirilgan vaqtdan boshlab hisoblangan.

    Yana bir muhim jihat: himoyachi ishtirok etishi shart boʻlgan holatlar tasnifi mukammallashdi. Bu holatlar toifasiga dastlabki eshituv oʻtkazilayotgan; oʻta ogʻir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarga oid; shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash masalasi koʻrib chiqilayotgan; aybiga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan ishlar kiritildi.

    Sudlar faoliyatini rivojlantirish istiqbollari

    Harakatlar strategiyasiga muvofiq, sud-huquq sohasini isloh etish borasida 40 dan ortiq qonun, farmon va qaror qabul qilindi.

    Bu oʻrinda, avvalo, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonunni esga olish joiz. Unga binoan:

    birinchidan, oʻtgan qisqa davrda sudlarning haqiqiy mustaqilligini taʼminlash, kadrlarni tanlab olishning demokratik va shaffof mexanizmini shakllantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Yagona sud amaliyotini taʼminlash maqsadida Oliy sud va Oliy xoʻjalik sudi fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasida sud hokimiyatining yagona oliy organi — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi;

    ikkinchidan, yurtimizda birinchi marta Oliy sud maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati hamda viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlarda 207 ta maʼmuriy sud tashkil etildi;

    uchinchidan, 85 ta iqtisodiy sud faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bundan koʻzlangan maqsad, albatta, tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilishdir;

    toʻrtinchidan, sud hokimiyatining mustaqilligi prinsipiga rioya qilish, sudlarni moddiy-texnik va moliyaviy taʼminlash masalalarini mustaqil hal etish maqsadida Oliy sud huzurida Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti tashkil etildi;

    beshinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi taʼsis etildi. Natijada sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, bu borada ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish imkoniyatlari kengaydi. Kengash tomonidan sudyalikka nomzodlarni tanlash va tayinlashda taʼsirchan jamoatchilik nazorati oʻrnatildi;

    oltinchidan, dunyoning taraqqiy etgan davlatlari ilgʻor tajribasini chuqur oʻrganish asosida mamlakatimiz tarixida ilk bor sudya lavozimiga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy qilindi. Sudyalarning fuqarolar huquqlarini himoya qilish boʻyicha mustaqilligi kafolatlari kuchaytirildi.

    Shu bilan birga, joylarda sudlar faoliyatidan jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning oʻrinbosarlari tomonidan brifinglar oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

    Sud tizimida gender tenglikni taʼminlash, ayollarning sud-huquq sohasidagi mavqeini oshirish, xususan, ayol sudyalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Sudlarni moliyalashtirish tizimi xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi

    2021-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, quyi sudlar sudyalari, Sudyalar oliy maktabi va ularning apparati xodimlari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti va uning hududiy boʻlimlari xodimlarining ish haqi va qoʻshimcha toʻlovlari toʻliqligicha davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi belgilandi. Sudyalarning ijtimoiy himoyasi kuchaytirildi.

    Ilk bor davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining qarorlari hamda gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish borasidagi konstitutsiyaviy huquqni amalga oshirishni taʼminlash maqsadida yaratilgan tizim qisqa muddatda oʻz natijasini bera boshladi.

    Jinoyat ishini qoʻshimcha tergov yuritish uchun qaytarish instituti bekor qilindi va dalillarga baho berish instituti tubdan takomillashtirildi. Bu, oʻz navbatida, ish boʻyicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama tekshirilib, dalillarga xolisona baho berilgan holda oqlov hukmlari koʻpayishiga asos yaratdi.

    Bu haqda soʻz borganda, ayrim raqamlarga toʻxtalish maqsadga muvofiq. Xususan, mamlakatimizda sudlar tomonidan 2017-2021-yillarda jami 3 ming 464 nafar shaxs oqlandi. Yana bir muhim raqam: 2017-2021-yillarda jami 17 ming 731 nafar shaxs sud zalidan ozod qilindi.

    Ushbu sohadagi natijadorlikni BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayan ham alohida eʼtirof etdi. Ayni vaqtda sud qarorlari qonuniyligi va asosliligini qayta koʻrib chiqishning amaldagi tizimini takomillashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

    Konstitutsiyaviy oʻzgarishlar va sud-huquq islohoti

    “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining mantiqiy davomi boʻldi. Qonunga asosan, sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini qayta koʻrib chiqish tartibini ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirish, fuqarolar uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida sud tizimida 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

    birinchidan, viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida, sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri umumyurisdiksiya sudlari tashkil etildi;

    ikkinchidan, maʼmuriy tartib-taomillar va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlarni tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) maʼmuriy sudlarini tugatish choralari koʻrildi, bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri maʼmuriy sudlari saqlab qolindi.

    Shularga asosan, sud tizimida tashkiliy-tuzilmaviy oʻzgarishlar amalga oshirilayotganini inobatga olib, Konstitutsiyamizning 107-moddasiga tegishli oʻzgartishlar kiritildi.

    Sud qarorlarini qayta koʻrib chiqish instituti takomillashdi

    Inson huquqlarining ishonchli himoyasi toʻla-toʻkis taʼminlanishi yoʻlida sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual hamda Fuqarolik protsessual kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi beshta qonun mamlakatimizda sud-huquq islohotining mantiqiy davomi ekanini alohida taʼkidlash lozim.

    Ushbu qonunlar negizida sud tizimini tubdan yangilashning yana bir muhim va yuksak bosqichiga qadam qoʻyildi. Bu qonunlarning barchasi sud qarorlari qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini qayta koʻrib chiqish tartibini ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda ­takomillashtirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.

    Shu bilan birga, amalda boʻlgan nazorat instansiyasi tizimi sud ishlarining yillab oʻz yechimini topmasdan, fuqarolarning huquqlari buzilishiga olib kelishini ham xolislik nuqtayi nazaridan ochiq-oshkora aytishimiz kerak. Qolaversa, mazkur nazorat instansiyasi tizimi xalqaro tajribaga ham mos emas edi.

    Shu maʼnoda, “bir sud — bir instansiya” tamoyili ilgari surilgani ayni muddao boʻldi. Bu, birinchidan, sud qarorlarini qayta koʻrish tizimida yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarning hal qilinishiga kuchli turtki bergan boʻlsa, ikkinchidan, ushbu tizimning tubdan qayta koʻrib chiqilishiga asos yaratdi.

    “Bir sud — bir instansiya” tamoyiliga koʻra, endilikda, birinchidan, xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi yaratildi. Yaʼni: birinchi instansiya — tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, ayrim toifadagi murakkab ishlar boʻyicha — viloyat sudlari, apellyatsiya instansiyasi — viloyat sudlari, birinchi instansiyada viloyat sudlari tomonidan koʻrilgan murakkab toifadagi ishlar boʻyicha — Oliy sud, kassatsiya instansiyasi — Oliy suddan iborat boʻldi.

    Ikkinchidan, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning eʼtiroziga sabab boʻlayotgan nazorat instansiyasi toʻliq bekor qilindi. Viloyat sudi tomonidan birinchi instansiyada koʻrilgan sud ishlari yuzasidan berilgan shikoyatlarning shu sudning oʻzi tomonidan yuqori instansiya sudi sifatida koʻrilishi amaliyotiga barham berildi. Natijada korrupsiyaviy omillar bartaraf etilib, shikoyat qilish instituti samaradorligi oshdi.

    Oʻz navbatida, sud ishlarini nazorat tartibida koʻrib chiqish instituti tugatilishi va kassatsiyaning uchinchi instansiya sudi sifatida belgilanishi natijasida sud qarorlari qonuniyligi, asosliligi va adolatliligidan norozi tomonning toʻgʻridan-toʻgʻri shikoyati asosida koʻrilishiga erishildi. Sudlarda ishlarni nazorat tartibida koʻrib chiqish boʻyicha bir-birini takrorlovchi instansiyalar qisqartirildi.

    Sudlar ochiqligi va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish samaralari

    Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasida jadal ishlar olib borilmoqda. Ishlarni inson omilisiz, yaʼni avtomatik ravishda taqsimlash, sud majlisi jadvalining yagona elektron bazasini joriy etish, sud qarorlarini rasmiy veb-saytda eʼlon qilish, sudga elektron murojaat va sud hujjatlarini taraflarga elektron shaklda yuborish, sud majlislarini audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish kabi zamonaviy yondashuvlar evaziga odil sudlov samaradorligiga erishilmoqda.

    2020-yil 3-sentyabrdagi “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori odil sudlov sifati va samaradorligini oshirishda sohani raqamlashtirishni yanada kengaytirish maqsadiga qaratilgan. Unga koʻra, Oliy sud axborot tizimini 28 ta davlat organi axborot tizimiga integratsiya qilish orqali maʼlumotlar almashinuvini 100 foiz raqamli shaklga oʻtkazishni nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasi”, shuningdek, 2020-2023-yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi tasdiqlandi.

    Barcha sud majlislarini audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish, birinchi instansiyada toʻliq joriy qilingan ishlarni sudyalar oʻrtasida avtomatik ravishda taqsimlash tartibini apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ham yoʻlga qoʻyish ishlari jadal bormoqda. Bunda taraflarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida SMS orqali xabardor qilish, sud majlislarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dastur amaliyotga joriy etilayotgani ham juda muhim.

    Sudlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash eng asosiy vazifalarimizdan boʻlib, bu borada ham muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, sudlar chiqargan qarorlar Oliy sud veb-saytida muntazam ravishda eʼlon qilib borilmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi 2020-yil 21-fevralda “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini taʼminlash toʻgʻrisida”gi qarorni qabul qildi. Bundan maqsad sud muhokamasi oshkoraligini, sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqi toʻliq amalga oshirilishini taʼminlashdir.

    Plenum qarorida sudlar sud muhokamasi oshkoraligi va sudlar faoliyatiga doir axborotni olish huquqini amalga oshirish uchun zarur sharoit yaratishi lozimligi tushuntirildi. Ayniqsa, odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini osonlashtirish hamda bu boradagi shaffoflikni oshirishga qaratilgan elektron tartib-taomillar bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilayotgani katta ahamiyatga ega.

    Yana bir muhim jihatga toʻxtalamiz. Soʻnggi yillarda sudlarning xalqqa yanada yaqinlashishi, sudyalar va sud xodimlarining xalq orasiga kirib borishi sud faoliyatining ochiqligi, xolisligi va shaffofligiga nisbatan jamoatchilik ishonchini tubdan oshirmoqda.

    Taʼkidlash kerakki, yaqinda mamlakatimizda sud tizimi islohiga oid yana bir muhim qonun hujjati kuchga kirdi. Yaʼni “Sudga murojaat qilish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi va fuqarolik protsessiga soddalashtirilgan ish yuritish tartibi joriy etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun imzolandi hamda matbuotda eʼlon qilindi.

    Yangi qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga soddalashtirilgan tartibda ish yuritish instituti kiritildi. Ushbu qonunning qabul qilinishi Oʻzbekiston sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarning izchil va mantiqiy davomidir.

    Ikrom MUSLIMOV,

    Oliy sud raisi oʻrinbosari