Shulardan biri — o'z yo'nalishi bo'yicha dunyo reytingida 1-o'rinda turadigan Massachusets Texnologiya instituti professori Jon Brisson mamlakatimiz ta'lim tizimi haqidagi mulohazalari bilan o'rtoqlashdi:
“O'zbekistonda birinchi marta bo'lishim. Bu erdagi bunyodkorlik ishlari va amalga oshirilayotgan o'zgarishlar menda juda chuqur taassurot qoldirdi. Bu erda Prezident maktabi o'quvchilari bilan suhbatlashdim, ularning loyihalari bilan tanishdim.
O'zbekistonda bugungi kunda ta'lim tizimida olib borilayotgan islohotlar tahsinga sazovor. Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu maktablar loyihasini esa alohida e'tirof etishim kerak. Bu maktablarni bitirgan o'quvchilar ertaga mamlakat iqtisodi uchun foydali kadrlar bo'lib etishadi.
Ta'kidlash kerak, ta'lim tizimi doimiy islohotlar va harakatni talab etadigan soha. Siz bu borada qandaydir o'zgarishlarni amalga oshirib, keyin unutib qo'yishingiz mumkin emas. Ta'lim doimo diqqat markazda bo'lgandagina katta natijalarga erishish mumkin. Shu o'rinda O'zbekistondagi ta'limga qaratilayotgan e'tiborni juda yuqori baholayman. Bu erdagi o'quvchilar bilimga, izlanishga chanqoq ekanligiga guvoh bo'ldim.
Shuningdek, texnologiyalar sohasida ta'lim olayotgan yoshlar uchun zaruriy sharoitlarning yaratilganligi ham e'tiborga molik. Chunki, innovasiyalar chegara bilmas yoshlar qo'li bilan yaratiladi.
Biz Prezident ta'lim muassasalari agentligi bilan ta'lim dasturlari integratsiyasi bo'yicha o'zaro hamkorlik qilish niyatidamiz. Hozirda bu borada rasmiylar bilan o'zaro muzokaralar olib borilmoqda. Men bu hamkorlik har ikki tomon uchun manfaatli bo'lishiga ishonaman.