Oʻzbekiston tarixida birinchi marta qishloq xoʻjaligi tarmogʻi roʻyxatdan oʻtkaziladi

    Dunyodagi har bir mamlakat, oʻzining aholisi va uning yashash holati boʻyicha ishonchli maʼlumotga ega boʻlish maqsadida muntazam ravishda roʻyxatga olish tadbirlarini oʻtkazib keladi. Koʻpchilik davlatlarda bu jarayon har oʻn yilda amalga oshiriladi. Oʻzbekistonda mustaqillika erishilgandan buyon ilk bor ana shunday amaliyotni 2023-yilning noyabr oyida oʻtkazilishi belgilangan. Ayni paytda unga hozirlik ishlari keng koʻlamda davom etyapti.

    BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning tavsiyasiga binoan, xuddi shunday tadbirlar jahon agrosektorida ham tashkil etib kelinadi. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligi sohasida statistik maʼlumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, respublikamizda 2024-yilda mazkur tarmoqda roʻyxatdan oʻtkazishni amalga oshirish rejalashtirilgan. Uning maqsad-mohiyati va oldinda turgan vazifalar xususida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Bahodir BEGALOV bilan suhbatda boʻldik.

    — Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichga koʻtarish vazifasi va jahonda oziq-ovqat mahsulotlariga talabning oshib borishi agrar sohani tubdan isloh qilishni, unga bozor mexanizmlari, ayniqsa, innovatsion va tejamkor texnologiyalarni, investitsiyalarni keng jalb qilishni taqozo etmoqda. Ana shu maqsadlarga erishishda tarmoqda faoliyat koʻrsatayotgan subyektlarning batafsil tavsiflariga ega boʻlish, ularning holati va tuzilishi toʻgʻrisidagi rasmiy statistik maʼlumotlarni jamlash qanday ahamiyat kasb etadi?

    — Hammamizga yaxshi ayonki, qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotning eng qadimiy, shu bilan birga oʻz oʻrni va ahamiyatini yoʻqotmaydigan tayanch sohalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda respublika yalpi ichki mahsulotining qariyb 30 foizi mazkur tarmoq hissasiga toʻgʻri keladi. Mamlakatimiz aholisining yarmi qishloq joylarda istiqomat qilishini inobatga olsak, tabiiyki, ularning turmush farovonligi koʻp jihatdan agrar sohaning rivojlanishi bilan uzviy bogʻliq. Ayni vaqtda butun dunyo miqyosida oziq-ovqat xavfsizligiga asosiy eʼtibor qaratilmoqda.

    Prezidentimiz tashabbusi bilan soʻnggi yillarda tarmoqni tubdan yangilash va rivojlantirish yuzasidan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, sohaga investitsiyalarni keng jalb etish va ulardan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilib, innovatsiya va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish ishlari jadallashib boryapti. Agrar infratuzilma va moddiy-texnik bazani mustahkamlash, shuningdek, mahsulot yetishtirishdan tortib, uni sotishgacha boʻlgan yaxlit zanjiini oʻz ichiga qamrab olgan klaster tizimini tashkil etish va rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi yerlarini oʻzlashtirish hamda foydalanishga qayta kiritish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Masalan, oxirgi yillarda hosildorligi past boʻlgan paxta va gʻalla maydonlari oʻrniga meva-sabzavot va ozuqa ekinlarini yetishtirishga ahamiyat berilyapti, intensiv bogʻlar va tokzorlar, zamonaviy issiqxonalar barpo etilyapti. Chorvachilik tarmogʻini rivojlantirish dasturlari doirasida qoramolchilik, qoʻy va echkichilik, parrandachilik, baliqchilik kabi koʻplab xoʻjaliklar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularga davlat tomonidan tizimli yordam koʻrsatilyapti.

    Bu, oʻz navbatida, qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijalarining xalqaro talablarga javob beradigan hisob-kitoblar tizimini tashkil etish, statistik kuzatuvlarni oʻtkazish usullarini yanada kengaytirish va takomillashtirish yuzasidan aniq kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda. Bunda, qishloq xoʻjaligi subyektlarining batafsil tavsiflarini olish va ular faoliyatining asosiy koʻrsatkichlari, agrar sektorning holati va tuzilishi toʻgʻrisidagi rasmiy statistik maʼlumotlarni shakllantirish maqsadida roʻyxatdan oʻtkazish muhim hisoblanadi.

    Mustaqillik yillarida mamlakatimiz agrar sektorida bunday tadbir umuman amalga oshirilmagan. Bu esa, oʻz navbatida, qishloq xoʻjaligi yer maydonlari, asosiy turdagi dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlari tarkibiga keskin taʼsir koʻrsatgan oʻzgarishlar, tarmoq koʻrsatkichlarining joriy hisobi boʻyicha mavjud maʼlumotlarni qoʻllashni sezilarli darajada cheklamoqda.

    Prezidentimizning 2019-yil 23-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni va davlat dasturining ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining oʻtgan yil 26-fevraldagi qaroriga binoan, 2024-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish ishlarini yoʻlga qoʻyish belgilandi.

    — Mamlakatimizda bu jarayon ilk bor oʻtkazilayotgan ekan, tabiiyki, xalqaro tashkilotlarning bu borada toʻplagan tajribalari va unga asoslangan tavsiyalari nechogʻlik qoʻl keladi?

    — Xalqaro amaliyotda, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tavsiyalari asosida agrar sohada roʻyxatdan oʻtkazish odatda oʻn yilda bir marta tashkil etiladi. Ayrim rivojlangan davlatlar bu tadbir 4-10 yilda bir martadan kam boʻlmagan davrda amalga oshiriladi. Masalan, Germaniya va Niderlandiyada toʻrt yilda bir marta, AQSH, Kanada hamda Janubiy Koreyada har besh yilda, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlarda 10 yilda bir marta oʻtkaziladi.

    FAO roʻyxatdan oʻtkazishning xalqaro standartlarini, tushuncha va taʼriflar hamda uslubiyotlarni ishlab chiqish bilan birga, davlatlarga texnik koʻmak koʻrsatish orqali ham yordam berib keladi.Hozirda 2016-2025-yillarni qamrab olgan qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish 2020-yil raundi davom etmoqda.

    Dastlab 1930-yilda ushbu tadbir amalga oshirganda FAOga aʼzo davlatlar soni 55 tani tashkil etgan boʻlsa, 2020-yil raundida ularning soni 150 taga yetishi kutilmoqda.

    FAOga aʼzo davlatlardan qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish tadbirini oʻtkaz(adi)ganlari soni

    Navbatdagi tadbirni amalga oshiradigan turli mamlakatlarni metodik qoidalar bilan taʼminlash maqsadida FAO tomonidan ikki tomdan iborat “Butunjahon qishloq xoʻjaligida roʻyxatdan oʻtkazish 2020-yil” dasturi ishlab chiqildi. Unda bu jarayonni tashkil etish, amalga oshirish, maʼlumotlarni qayta ishlash, natijalarni umumlashtirish, ularni chop etish, tarqatish va eʼlon qilish bilan bogʻliq barcha masalalar boʻyicha batafsil maʼlumotlar va tavsiyalar berilgan. Bundan tashqari, mazkur dastur kompleks metodologik yondashuvlarni ishlab chiqishga qaratilgan.

    — Agrar sohada roʻyxatdan oʻtkazish qanday maqsad-vazifalarni hal etishda qoʻl keladi?

    — Bu tadbir mamlakatimiz hududida yaxlit va har bir maʼmuriy-hududiy birlik boʻyicha aniq bir vaqtda, qishloq xoʻjaligi faoliyatining turli tavsiflari toʻgʻrisida xalqaro taqqoslanadigan ishonchli, xolis va yaxlit maʼlumotlarni yagona statistik metodlar asosida yigʻishni tashkil etishni nazarda tutadi. Uning natijalariga koʻra, qishloq xoʻjaligi yer maydonlarining oʻlchamlari, chorva mollari va parrandalar sonining aniqlanishi kelgusida mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.

    Shu bilan birga, roʻyxatdan oʻtkazish natijasida shakllanadigan maʼlumotlar mamlakat qishloq xoʻjaligi sohasi uchun muhim manba hisoblanadi. Ular tarmoqqa xizmat qiluvchi infratuzilmani rivojlantirish, resurslardan samarali foydalanish va ularni joylashtirish boʻyicha dasturlarni tayyorlash uchun ishonchli zamin yaratadi. Bundan tashqari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish boʻyicha siyosiy va boshqaruv qarorlarini qabul qilishda hamda milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini shakllantirish hamda uning amalga oshirilishi ustidan monitoring olib borishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi

    Yana bir ahamiyatli tomoni, sohada maʼlumotlar bazasini yaratish, statistik hisob-kitoblarni yanada takomillashtirish, ularni xalqaro taqqoslash hamda reytinglarda toʻliq aks ettirish imkonini beradi. Statistik koʻrsatkichlarining sifati, ishonchliligi va shaffofligini yanada oshiradi.

    — Vazirlar Mahkamasining qarorida qishloq xoʻjaligida roʻyxatdan oʻtkazishni bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilangan. Bu vazifalarni bajarishda qanday huquqiy tartib-tamoillarga asoslanadi va yangilari yaratiladi?

    — Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchisi, eng masʼuliyatli hamda uzoq vaqt davom etadigan, yaʼni 2022-2024-yillarni oʻz ichiga qamrab olgan tayyorgarlik davri sanaladi.Tadbirning qay darajada oʻtkazilishi va bu jarayonda shakllanadigan maʼlumotlarning sifati va haqqoniyligi koʻp jihatdan, ushbu bosqichda amalga oshiriladigan ishlarga bogʻliq boʻladi. Jumladan, mazkur bosqichda roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etish va amalga oshirish tamoyillari hamda metodik asoslarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqiladi. Shuningdek, avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish, ishtirok etuvchi xodimlarni jalb qilish va ularni oʻqitish hamda roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq boshqa ishlar amalga oshiriladi.

    Ushbu davrdagi eng asosiy masalalardan biri, joylarda targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar tayyorlash hisoblanadi. Yurtimizning ayrim hududlarida sinov asosida roʻyxatdan oʻtkazish amalga oshiriladi. Uning natijalariga koʻra, 2024-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish dasturi, uslubiy qoʻllanma, meʼyoriy hujjatlar va maʼlumotlarni qayta ishlash usullari ishlab chiqiladi.

    Ikkinchisi, asosiy bosqich boʻlib, 2024-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish tadbiri amalga oshiriladi. Bu darayonda roʻyxatdan oʻtkazuvchi shaxslar tomonidan hududlarda dehqon va fermer xoʻjaliklari, tomorqa yer egalari, dala hovli uchastkalari va qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar respondentlar bilan oʻtkazilgan soʻrovlar orqali toʻplanadi.

    Soʻnggi bosqichda, yaʼni 2024-2026-yillar davomida olingan maʼlumotlar tahlil qilinadi, qayta ishlanadi hamda umumlashtirilib dastlabki va yakuniy natijalar eʼlon qilinadi.

    — Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida sinov tariqasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish ishlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida bedgilangan asosiy vazifaning ijrosini taʼminlash uchun juda qisqa vaqt qolyapti. Sinov jarayoni qanday maqsadlarni koʻzda tutadi?

    — Qarorga muvofiq, 2024-yilda oʻtkaziladigan qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish tadbirini sifatli amalga oshirish maqsadida 2022-yilning avgust oyida Samarqand viloyatining Jomboy hamda Toshkent viloyatining Parkent tumanlarida sinov tariqasida roʻyxatdan oʻtkazish ishlarini amalga oshirish belgilangan. Bu jarayonda roʻyxatdan oʻtkazishning tashkiliy masalalari, dasturi, usullari, dasturiy-texnik taʼminoti va maʼlumotlarni qayta ishlashning texnologik jihatlari amalda qoʻllab koʻriladi. Uning doirasida axborot tizimini joriy etish, uslubiy hujjatlarni ishlab chiqish, kartografik materiallarni tayyorlash, tashkilot hamda xoʻjaliklar roʻyxatini shakllantirish, hududlarni uchastkalarga boʻlish, roʻyxatdan oʻtkazuvchi shaxslarni tanlab olish va oʻqitish, moddiy-texnik vositalar bilan taʼminlash, targʻibot ishlari va boshqa shu kabi tashkiliy tadbirlar amalga oshiriladi.

    Mazkur hujjat bilan bir qator tartib-tamoillar tasdiqlandi. Xususan, “Yoʻl xaritasi”da agrar tarmoqda roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha tashkiliy-huquqiy tadbirlar, moddiy-texnik va moliyaviy taʼminot boʻyicha bajariladigan ishlar va ularni amalga oshirish mexanizmi hamda muddatlari belgilab berilgan. Bu vazifalarning oʻz vaqtida ijro etilishiga koʻmaklashish boʻyicha respublika va hududiy komissiyalar, Davlat statistika qoʻmitasi, mutasaddi vazirlik, idoralar, mahalliy hokimliklarning vazifalari ham oʻz ifodasini topgan. Qabul qilingan nizom esa, tashkil etiladigan boʻlinmalarga vaqtincha yollanadigan xodimlar roʻyxati, davlat organlari va tashkilotlaridan jalb etiladigan mutaxassislar, ularga qoʻyiladigan talablar hamda mehnatiga haq toʻlash tartiblarini qamrab olgan.

    Sinov tariqasida oʻtkaziladigan tadbirda respondentlarning qishloq xoʻjaligi faoliyatiga doir maʼlumotlarini yigʻishda foydalaniladigan savollar roʻyxati uning dasturi hisoblanadi.Unga qishloq xoʻjaligi obyektlarining iqtisodiy faoliyat turlari, mehnat resurslari va ularning demografik tavsiflari, yer resurslari va ulardan foydalanish holati, qishloq xoʻjaligi ekinlari maydoni, koʻp yillik daraxtzorlar va tokzorlar miqdori, hayvonlar va parrandalarning bosh soni, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotish hajmi va boshqa maʼlumotlar kiritilgan.

    Xulosa oʻrnida qayd etish lozimki, sinov tariqasida roʻyxatdan oʻtkazish natijalariga koʻra, 2024-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish dasturi, uslubiy qoʻllanma va normativ -huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda maʼlumotlarni qayta ishlash usullari va yakunlarini shakllantirish yuzasidan takliflar tayyorlanadi.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Abdurauf QORJOVOV suhbatlashdi