O‘zbekiston tashabbuslari va xalqaro hamkorlik istiqbollari

    Sammit doirasida 44 ta hujjat hamda tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan Samarqand deklarasiyasi qabul qilindi.

    Dunyoning turli nuqtalarida yuz berayotgan urush va mojarolar, siyosiy-harbiy to‘qnashuvlar, tabiiy va ekologik ofatlar iqlim o‘zgarishi, suv hamda boshqa tabiiy resurslar yetishmovchiligi, oziq-ovqat xavfsizligi, turli kasalliklar tarqalishi va oqibatlari, ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlar kabi muammolarni yuzaga keltirmoqda. Ularning yechimini topish uchun jahon hamjamiyati o‘zaro muloqotga kirishishi lozim bo‘lib qoldi. Aynan SHHTning Samarqand sammiti shunday muloqotni o‘zaro hurmat, do‘stlik va ishonch asosida yaratib berdi, deb ayta olamiz.

    SHHT sammiti uchun bejiz Samarqand tanlanmagan. Insoniyat tamadduni markazlaridan biri bo‘lgan bu shahar azaldan davlat poytaxti, savdo va madaniyat markazi sifatida mashhur bo‘lgan. Sammitga tayyorgarlik jarayonida bu shahar yanada go‘zallashdi.

    2022-yil 12-sentyabrda O‘zbekiston Prezidentining “Samarqand sammiti oldidan: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. Sammit oldidan chop etilgan ushbu maqolada davlatimiz rahbari SHHTning turli bloklardan xoli maqomga ega ekani, ochiqlik, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmaganini ta’kidlagandi.

    2021-2022-yillarda O‘zbekiston raisligida SHHTning 80 dan ortiq tadbiri o‘tkazildi. Bu tadbirlar pandemiya vaqtida ham to‘xtab qolmadi. Chunki Prezidentimiz “Har birimiz kuchli bo‘lsakkina SHHT kuchli bo‘ladi”, deb bejiz ta’kidlamadi. O‘z maqsad va vazifalaridan chekinmagan O‘zbekiston SHHTning Samarqand sammitida mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik tashabbuslarni ilgari surdi.

    Sammit doirasida 44 ta hujjat hamda tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan Samarqand deklarasiyasi qabul qilindi.

    SHHTning Samarqand sammiti O‘zbekiston uchun qanday manfaatlar olib keldi?

    Sammitda “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi to‘g‘risidagi bitim imzolangani tarixiy voqea bo‘ldi. O‘z navbatida, O‘zbekiston shu jarayonda yangi muhim loyiha — “Termiz — Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar” temir yo‘li qurilishini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, O‘zbekiston Hindiston bilan transport aloqalarini, jumladan, Eronning Chobahor portidan foydalangan holda aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdor. Chunki temir yo‘llar qurilishi muhim bo‘lib, kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi hal qilinishida yordam beradi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va qayta ishlash dasturlariga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro ta’minotning muvofiqlashtirilgan sxemalarini shakllantirishga, yuqori sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish uchun samarali logistika, “yashil” va ekspress yo‘laklarni tashkil etishga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi. Bu masalalarni tizimli asosda yo‘naltirish uchun oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazish taklif qilindi. Iqtisodiyot, savdo va investisiya sohalaridagi hamkorlikning amaliy ta’sirchanligini oshirish muhimligi qayd etildi. Shu maqsadda SHHTning yangi iqtisodiy muloqotini yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonda SHHT mintaqalarining biznes sherikligi haftaligini o‘tkazish, a’zo mamlakatlarning maxsus iqtisodiy zonalari alyansini tuzish, har yili SHHT yirik savdo yarmarkasini o‘tkazish va uning negizida yagona elektron platforma yaratish takliflari ilgari surildi.

    Davlatimiz rahbari ekologik tahdid va xatarlar ortib borayotganini ta’kidlab, SHHTning Iqlim kengashini tuzishni taklif etdi. Ushbu mexanizm “yashil” taraqqiyot, cho‘llanish va tuproq tanazzuliga qarshi kurashish, ekologik loyihalar, jumladan, Orolbo‘yi uchun innovasion yechimlar va moliyaviy mablag‘lar jalb qilishga ko‘maklashadi.

    Xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Prezidenti bu boradagi ustuvor vazifalar qatorida mamlakatlarimiz huquq-tartibot idoralari va maxsus xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish, xavfsizlikka tahdid va xatarlarning oldini olish hamda ularga tezkorlikda javob qaytarish bo‘yicha SHHT MATT faoliyati samaradorligini oshirish zarurligini qayd etdi.

    Shu bilan birga, yoshlarning ekstremistik tashkilotlarga jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, turli nosog‘lom mafkural arga qarshi barqaror immunitetni shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilish taklif etildi. Dunyoda radikalizmning o‘sishi xavfli tendensiyaga aylanayotgan hozirgi sharoitda bu ayniqsa muhimdir.

    Qadimdan do‘stlik rishtalari bilan bog‘langan O‘zbekiston — Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar ushbu sammit doirasida ham davom etdi. Xitoy Raisi Si Szinpinga oliy mukofot — oliy darajali “Do‘stlik” ordeni topshirilgani ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yuqori cho‘qqiga chiqayotganidan dalolat beradi.

    Muloqot doirasida Xitoy rahbari Alisher Navoiyning “Yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish” g‘azalidan iqtibos keltirib, o‘zbek xalqiga chuqur hurmat bildirdi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidenti Xitoy taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan, hozir qabri Xitoyning Yunnan provinsiyasida joylashgan buxorolik Sayyid Ajjal haqida to‘xtalib o‘tdi. Ikki davlat o‘rtasida savdo, transport, qurilishi, ekologiya, madaniy sohalarga oid 15 ta hujjat imzolandi.

    O‘zbekiston — Hindiston o‘rtasida IT, sog‘liqni saqlash, farmasevtika, transport, qishloq xo‘jaligi, turizm sohalarida o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Sammit doirasida ikki davlat rahbarlari o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldi. Markaziy Osiyo — Hindiston onlayn sammiti, Afg‘oniston masalasida o‘zaro hamkorlikni davom ettirish borasida ham rejalar belgilab olindi.

    Ilk marta O‘zbekistonga kelgan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan ikki davlat o‘rtasidagi savdo va madaniy sohalarda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish borasida kelishuvlarga erishildi.

    Shuningdek, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Turkiya, Ozarbayjon, Belarus va boshqa davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik masalalari bo‘yicha muloqot o‘tkazildi.

    Amir Temur bobomiz “Temur tuzuklari”da: “Tajribamdan bildimki, sodiq va haqiqiy do‘st ulkim, do‘stidan ranjimaydi, do‘stining dushmanini o‘z yovi deb biladi. Agar kerak bo‘lsa, do‘sti uchun jonini ham ayamaydi”, deya ta’kidlagan. Ushbu hikmat ko‘hna Samarqandda mehmon bo‘lgan davlat rahbarlariga olti asr avval Sohibqiron tomonidan aytilgan maslahat, o‘gitdek go‘yo. Binobarin, Shanxay hamkorlik tashkilotining ko‘p qirrali tarixiy sammitiga Samarqand mezbonlik qilganida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Dunyoning turli nuqtalaridan tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchi va ekspertlar, jurnalistlar ham ta’kidlaganidek, bu “Samarqand ruhi” tushunchasining o‘zagi bo‘lib xizmat qiladi. “Shanxay ruhi”ni uyg‘un ravishda to‘ldirib turuvchi “Samarqand ruhi”da hamkorlik, o‘zaro anglashuv va do‘stlik ifodasi shiori ilgari surildi.

    Bahrom ABDUHALIMOV,

    O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vise-prezidenti,

    tarix fanlari doktori, professor