5-noyabr – Oʻzbekistonda televideniye tashkil topgan kun
Tongdami yo shomda televizorni yoqsak, mamlakat va xorij hayotiga doir muhim yangiliklar aytilayotgan boʻladi: “Prezidentimizning alohida koʻrsatmalariga asosan, Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Yuzlab yoshlar, xotin-qizlar muammolari oʻrganildi, ularning aksariyati ishga joylashtirildi, tadbirkorlikka jalb etildi...”. Oʻylab qolasan kishi, bundan uch-toʻrt yil oldin kambagʻallar yoʻqmidi? Bor, hatto hozirgidan ham ancha koʻp edi. Lekin buni aytish uchun siyosiy iroda yoʻq edi, ayniqsa, jurnalistlarimiz aytolmasdi.
Bugun yangiliklar koʻzgusidan jurʼat bilan gapirayotgan jurnalist shijoati oʻzgacha, maqsad va muddaosi ayon, tili burro, qoʻrquv yoʻq. Muammolarni ochiq aytish bor, rahbarlarga xalqni qiynayotgan masalalar yechimini soʻrab mikrofon tutish bor, javobni randalash yoʻq, vaziyatni boricha olib chiqish bor. Bu – milliy telejurnalistikamizning bugungi qiyofasidir. Ha, aslida ham jurnalist va jurnalistika jamiyatda xuddi shunday boʻlmogʻi lozim. Oʻzbekistonda televideniye tashkil topgan kun arafasida xayolimizdan shu kabi oʻylar oʻtdi. Televideniye tarixiga bir qur nazar solamiz.

Insoniyat tarixidagi buyuk kashfiyotlardan biri – televizor Toshkentda yaratilganini koʻpchilik yaxshi biladi. 1928-yil 26-iyul kuni oʻzbekistonlik ixtirochilar B.Garabovskiy va I.Belyanskiy tomonidan yaratilgan ilmiy-texnik ishlanma – “telefot” maxsus komissiya sinovidan oʻtkazilib, dunyoda birinchi televizor paydo boʻlishiga sabab boʻldi va maxsus patent berildi.
Maʼlumotlarga koʻra, televideniyening ilk koʻrsatuvlari 1936-yilda Buyuk Britaniya va Germaniyada, 1938-yilda tajriba sinov tariqasida Moskva va Sankt-Peterburgda, 1941-yilda esa AQSHda efirga uzatila boshlangan. Afsuski, xalqimiz insoniyatga oynai jahonni armugʻon qilgan boʻlsada, uning efir namoyishlaridan biroz kech bahramand boʻldi. Albatta, buning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy va mafkuraviy sabablari bor edi. Xullas, Toshkentda televizion koʻrsatuvlarni muntazam efirga uzatish 1956-yilning 5-noyabridan amalga oshirilgan.
Shubhasiz, televideniyening ochilishi oʻz davrida xalqimiz hayotida chin maʼnoda oʻziga xos unutilmas voqea boʻldi. Bunday quvonchli tarixiy voqeaga guvoh boʻlgan, Toshkent telemarkazi ochilishi marosimida ishtirok etgan va 1961-1994-yillarda Oʻzbekiston televideniyesida faoliyat koʻrsatgan jurnalist Anbara Otamurodova oʻzining “Radio va televideniye – tafakkur gultoji” (2018) kitobida bu tarixiy lahzalarni eslab bunday yozadi: “...hayotimizdagi oʻsha baxtli kun – 1956-yilning beshinchi noyabr kuni edi. Kursimiz sardori Anvar Karimov (olim, tarix fanlari nomzodi va jurnalist Anvar Karimov nazarda tutilmoqda) auditoriyaga tabassum bilan kirib kelib: “Diqqat! Xushxabarlik eʼlon bor. Bugun oʻquv mashgʻulotlaridan keyin hammamiz bir tanu bir jon boʻlib, Shayxontohurga boramiz. Kech soat oltida Toshkent telemarkazi ochilar ekan. Biz ulkan tarixiy voqeaning guvohi boʻlamiz”, dedi. Hammamiz quvonib ketdik va Shayxontohurga barchadan ilgari yetib keldik. U zamonlarda telemarkazning chor atrofi qingʻir-qiyshiq qurilgan koʻrimsiz, gʻaribona uylar bilan oʻrab olingan, xaloyiq bu yerda tiqilishib yashar edi. Endigina qurib bitkazilgan hashamatli telemarkaz binosi odamlar bilan gavjum... Ularning barchasi xushnud, xursand edilar...
...1956-yil 6-noyabr oqshomi! Oʻzbek xalqining shodligi daryoday toshgan oqshom! Bu kun xotiramizda eng nurli sana boʻlib qoldi”.
Darhaqiqat, u paytlarda “koʻrsatuv”, “diktor”, “rejissyor”, “efir” kabi soʻzlar odamlar uchun qay darajada sirli va gʻaroyib bir yangilik boʻlib tuyulganini anglash qiyin emas. Kattalarning aytishicha, oqshomlar odamlar televizor qarshisiga emas, balki oʻzlarini moʻjizalar maydoniga kirib qolganday his eta boshlagan. Shunday qilib, televideniye oʻz davrida millionlab odamlarni hayratga solgan, kuldirgan, yigʻlatgan.
Yillar oʻtgani sayin televideniye ham oʻzining taraqqiyot bosqichlarini boshidan kechira bordi. Oʻzbekiston televideniyesiga ilk tamal toshi qoʻyilgan kundan boshlab, to bugunga qadar juda katta ijodiy maktab va jamoalar shakllandi. Televideniyening har bir yoʻnalishida ustoz-shogird anʼanasi paydo boʻldi va ular yillar mobaynida shakllanib bordi. Ushbu davr jurnalistikasi, umuman, teledasturlari haqida soʻz borganda, dastavval, Ubaydulla Burhonov, Bobo Xoʻjayev, Elbek Musayev, Jonrid Abdullaxonov, Armugʻon Muhammedov, Maqsud Yunusov, Haybat Aliyev, Meli Mahkamov, Ergash Karimov, Mahkam Muhamedov, Ahmad Aʼzam, Oʻrol Oʻtayev, Anvar Isroilov, Qoʻzijon Hakimov, Anvar Tojiyev, Ergash Raimov kabi oʻnlab ijodkor-jurnalist va rejissyorlar nomi yodga keladi. Shu oʻrinda Oʻzbekiston televideniyesining diktorlar guruhi shakllanishiga munosib hissa qoʻshgan Iqbol Olimjonova, Raʼno Joʻrayeva, Oʻktam Jobirov, Davron Zunnunov, Nasiba Qambarova, Mirzohid Rahimov, Raʼno Madrahimova, Nasiba Ibrohimova, Farhod Bobojonov, Nasiba Maqsudova, Galina Melnikova kabi ustozlarni ham eslash joiz.
Oʻtgan asrning 70-80 yillariga kelib televideniye butun respublikani qamrab oldi va tayyorlanayotgan koʻrsatuvlar xalqimiz qalbidan munosib oʻrin egallay boshladi. Bir soʻz bilan aytganda, bu davrda Oʻzbekiston telejurnalistikasi alohida soha va fan sifatida jamiyat hayotida muhim oʻrin egalladi. Turli janrlar paydo boʻla boshladi. Teatr va televideniye hamkorligi shakllandi. “Otalar soʻzi – aqlning koʻzi”, “Oynadan oʻpkalama”, “TV almanax”, “Televizion miniatyuralar teatri”, “Olamda nima gap” kabi turkum koʻrsatuvlar ana shu ijodiy hamkorlik samarasi natijasida efir yuzini koʻrdi. Oʻsha yillari “Marhabo talantlar”, “Chashma”, “Ofarin” kabi televizion tanlovlar juda mashhur boʻlib ketdi.
Ushbu davrda telejurnalistikada esse, ocherk, telejurnal janrlari yaxshi rivojlandi. Buyuk bobolarimiz – shoirlar, yozuvchilarning ijodi asosiy manba boʻlib xizmat qildi. Ular haqida tayyorlangan koʻrsatuvlar, ijodiy kechalar, televizion uchrashuvlar, bebaho folklor merosimizga oid teledasturlar xalqimizning eng sevimli koʻrsatuvlariga aylandi. Chunki xalqimiz shu kabi koʻrsatuvlarga tashna edi.
Oʻzbekiston mustaqil davlat boʻlgach, televideniyeda ham tub islohotlar boshlandi. Teleijodkorlar xalqimizning boy tarixi, qadriyatlari, buyuk bobolarimiz yaratgan oʻlmas meros haqida, ajdodlarimiz hayotini aks ettiruvchi badiiy asarlar asosida turkum koʻrsatuvlar tayyorlashga kirishdi. Bu davrda “Mirzo Ulugʻbek”, “Bobur”, “Layli va Majnun”, “Kecha va kunduz”, “Soʻnggi oʻq”, “Yusuf va Zulayho”, “Sohibqiron”, “Xorazmshoh”, “Amir Muzaffar”, “Moziydan bir sahifa”, “Mehrobdan chayon” kabi koʻp qismli asarlar yaratildi. Bu kelajakda teleseriallar yaratishda oʻziga xos muhim asos boʻlib xizmat qildi.
Shu tariqa televideniye yangi janrlar bilan boyib bordi. Moddiy-texnik bazasi ham mustahkamlana boshladi. Bu borada oʻndan ziyod meʼyoriy-huquqiy hujjat qabul qilindi.
2006-yilda Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi etib qayta tashkil etildi va tizimda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. OʻzMTRK tarixida 2012-yil 31-dekabr kuni yana bir unutilmas voqea sodir boʻldi. Shu kuni tizimda ikkita yangi – “Madaniyat va maʼrifat” va “Dunyo boʼylab” telekanallari faoliyat boshladi. 2013-yil 1-iyundan “Yoshlar” teleradiokanali huzurida “Bolajon” telekanali efir yuzini koʻrdi. Shu yili raqamli formatda “Kinoteatr”, “Navo”, “Oilaviy”, “Diyor” telekanallari tashkil etildi. Oradan bir yil oʻtib “Mahalla” maʼrifiy teleradiokanali tashkil etildi. 2015-yilga kelib Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi barcha hududiy teleradiokompaniyalarining bir kunlik efir hajmi 24 soatga yetkazildi. Sohani malakali kadrlar bilan taʼminlash maqsadida teleradiokompaniya huzurida 8 ta mutaxassislik yoʻnalishi boʻyicha kadr tayyorlab beradigan oʻrta maxsus bilim yurti, shuningdek, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy axborot kommunikatsiyalar universiteti tashkil etildi va ushbu taʼlim muassasalarining televideniye bilan amaliy hamkorlik aloqalari keng yoʻlga qoʻyildi.
Yangi Oʻzbekiston televideniyesi
Yaqinda, 23-sentyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida oʻzbek tilida nutq soʻzlab, butun dunyo eʼtiborini yana bir bor Oʻzbekistonga qaratdi. Bu tarixiy nutqni barcha yurtdoshlarimiz televideniye orqali jonli efirda koʻrib, faxrlandi. Bu unutilmas voqeani bejiz eslamadik. Keyingi yillarda Oʻzbekiston xalqchil islohotlar diyoriga aylandi. Har jabhada oʻzgarishlar, yangilanishlar boʻlmoqda. Donishmand xalqimiz qonidagi qudratli xislatlar, ezgu qarashlar kurtak ochib, quloch yozmoqda. Milliy iftixor, qadriyatlar jilolanmoqda. Ana shu muhim oʻzgarish jarayonida televideniye islohotlarining ham borligi quvonarli holdir.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 2-maydagi qarori bilan OʻzMTRK tizimida betoʻxtov faoliyat yuritadigan “Oʼzbekiston-24” axborot-tahliliy teleradiokanali tashkil etildi. Zamonaviy jurnalistika asosida ish boshlagan teleradiokanalni tashkil etishdan maqsad aholiga xolis va ishonchli axborotni yetkazish, axborot muhitini sifatli mahsulotlar bilan toʻyintirish, muhim hodisalarni tezkorlik bilan yoritishni taʼminlash edi.
Bugungi kunda “Oʼzbekiston-24” teleradiokanali fuqarolarni qiynayotgan muammolar, joylardagi dolzarb masalalarni mutasaddi rahbarlar bilan ochiq va toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlarni tashkil etish orqali hal qilish vositasiga aylandi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yana bir – “Oʼzbekiston tarixi” telekanali tashkil etildi. Boy tariximizni yoritish, xalqimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan katta ilmiy, madaniy va maʼnaviy hissasi haqida mamlakatimiz aholisini, shuningdek, chet el jamoatchiligini keng koʻlamda xabardor qilish maqsadida tashkil etilgan mazkur telekanalning ilk efiri 2019-yili mustaqilligimizning 28 yilligi munosabati bilan 1-sentyabrda amalga oshirildi.
Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi faoliyatida yana bir tarixiy voqea yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan bogʻliqdir.
Mazkur tarixiy farmonga muvofiq, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda tizimdagi axborot-tahliliy, maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy-gumanitar telekanallarini xorijiy davlatlarda teleradiokompaniyaning OTT platformasini (internet tarmogʻi orqali teledasturlarni namoyish etish tizimi) ishga tushirish va boshqa zamonaviy informatsion texnologiyalardan foydalangan holda namoyish etilishi yoʻlga qoʻyilmoqda. Farmon asosida “Oʼzbekiston” telekanalida yurtimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalarini targʻib qiluvchi, mamlakatimizga oid axborot-tahliliy, maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy-gumanitar bilim doirasini kengaytirishga xizmat qiluvchi va intellektual hamda boshqa maʼlumotlarni xorijiy tillarda yoritadigan “Doʼstlik” axborot-maʼrifiy dasturlar tahririyatini tashkil etish rejalashtirilgan. 2021-yil 1-yanvardan boshlab teleradiokompaniya tizimidagi markaziy telekanallarda ona tilimiz haqida “Tilga eʼtibor”, “Ona tilida soʻzlashamiz”, “Notiqlik mahorati”, “Til – millat koʻzgusi”, “Kitob bilim manbai”, “Bilimli yoshlar – kelajak bunyodkori” kabi turkum koʻrsatuv va eshittirishlar tashkil qilinib, muntazam ravishda efirga uzatib borilishining tobora koʻpayayotgani esa kishini yana-da quvontiradi.
Shunday qilib, oʻzining 65 yillik boy tarixi ega Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimida bugun jami 26 tele va 16 radiokanal 24 soat faoliyat koʻrsatmoqda.
Keyingi yillarda televideniye qoʻlga kiritgan eng katta yutuqlardan yana biri raqamli televideniyega oʻtish davri boʻldi. Odatdagi televizion koʻrsatuvlardan yangi, yana-da sifatli daraja – raqamli telekoʻrsatuvlarning sunʼiy yoʻldosh orqali dunyoning yuzdan ortiq mamlakatiga keng namoyish etilishi, oʻylaymizki, zamonaviy televideniye sohasining ulkan yutuqlaridan biridir.
Oʻzining qadimiy va boy tarixi bilan haqli ravishda faxrlanadigan Oʻzbekiston televideniyesi davr bilan hamqadam rivojlanib bormoqda. Zero, sohadagi izchil islohotlar natijasida bugungi kunda mamlakatimizdagi har bir oila yuqori sifatli televideniye xizmatlaridan bahramand boʻlish imkoniga ega boʻldi.
Darhaqiqat, mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida barcha sohalar qatori axborot olish va uni yetkazish, ayniqsa, taʼsirchan jamoatchilik fikrini shakllantirish borasida raqobat keskin rivojlanib bormoqda. Bunday jarayon esa OAV xodimlari, jumladan, teleijodkorlar oldiga yangi-yangi talab va vazifalarni qoʻymoqda. Shu bois, bugungi murakkab vaziyatda jamiyat hayotida televideniyening oʻrni va taʼsirini yana-da oshirish, xususan, uning xolis va haqqoniy axborot tarqatish, ochiqlik va oshkoralik, soʻz va fikr erkinligidagi ahamiyatini tobora yuksaltirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda ijodkorlar dunyoqarashi erkinlashishi natijasida tayyorlayotgan mahsulotlari ham kechagisidan tubdan farq qilmoqda. Koʻrsatuvlarda erkin mushohada yuritish, xolis, haqqoniy va xalqchil mavzularni yoritish masalasi asosiy oʻringa chiqmoqda. Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarish va yangilanish jarayonlarini har tomonlama tahlil qilish, ayniqsa, joylardagi ijtimoiy muammolar, kamchiliklarga davlat idoralari va jamoatchilik eʼtiborini qaratish bugun telejurnalistlarning ham asosiy maqsadiga aylandi. Ijtimoiy salmogʻi yengil boʻlgan, hisobot va balandparvozlik ruhidagi materiallar tayyorlashdan voz kechish, koʻproq xalqning dardini yoritish, aholini qiynayotgan muammolarni ekranga olib chiqish va ularga yechim izlashga jiddiy eʼtibor qaratila boshlandi.
Shu maqsadda milliy teleradiokompaniya tizimida keyingi 3-4 yil ichida xalq huquqiy madaniyatining yuksalishiga xizmat qiluvchi “Munosabat”, “Sharh”, “Qarama-qarshi”, “Obʼektiv nigohida”, “Xalq fikri”, “Fikr.uz”, “Munozara maydoni”, “Xalq qabulxonasida bir kun”, “Jurnalist nigohida”, “Xalq minbari” kabi tahliliy yoʻnalishdagi oʻnlab koʻrsatuv va tok-shou tashkil etildi va ular koʻp ming sonli teletomoshabin eʼtiborini qozondi. Jamiyatda ilm-maʼrifat, adabiyot, milliy madaniyat va sanʼatimizni, shuningdek, kitobxonlikni keng targʻib etishga yoʻnaltirilgan “Kitobxon shou”, “Sanʼat tarixi”, “Islom: mohiyat va talqin”, “Radio kitob”, “Alyor” “Imom al-Buxoriy saboqlari”, “Otalar soʼzi – aqlning koʼzi”, “Oʼzbekiston buyuk allomalar yurti”, “Maqom sanʼati” kabi oʻnlab madaniy, maʼrifiy va badiiy koʻrsatuvlar namoyishi ham yoʻlga qoʻyildi. Bugunga kelib milliy teleradiokompaniya koʻplab davlatlarning nufuzli teleradiokompaniyalari bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻydi.
Teleradiokompaniya ijodkorlari jahon miqyosida yuz bergan pandemiya tufayli vujudga kelgan murakkab vaziyat va qiyinchiliklarga qaramay, karantin davrida ham aholiga 24 soat mobaynida tezkor, ishonchli, xolis axborot yetkazib berish, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni atroflicha aks ettirishga yoʻnaltirilgan turli mavzu va janrlarga xos koʻplab rang-barang koʻrsatuvlarni namoyish etib bordi. Bu davrda OʻzMTRK xodimlari bir tanu bir jon boʻlib yurtimizga kelgan bu baloga qarshi kurashishga oʻz hissalarini qoʻshishmoqda. Barchamiz uchun sinovli va masʼuliyatli davrda efirga uzatilayotgan koʻrsatuvlarning aksariyati jonli ravishda efirga uzatildi. Ayniqsa, “Oʼzbekiston” “Oilaviy”, “Mahalla”, “Madaniyat va maʼrifat” telekanallari orqali onlayn dars va onlayn maslahat dasturlarining tashkil etilgani va kunu tun namoyish etib borilgani xalqimiz tomonidan munosib qarshi olindi.
Yangi davr telejurnalistikasining yana bir ifodasini jonli efirlar soati ortgani misolida ham koʻrish mumkin. Avvalo, davlat miqyosidagi deyarli barcha tadbirlar, bayram dasturlari va konsertlar toʻgʻridan-toʻgʻri nafaqat oʻzimizga, balki dunyo mamlakatlariga yuqori sifatda, oʻziga xos koʻrinish va formatda translyatsiya qilinmoqda. Keyingi yillarda “Oʼzbekiston-24”, “Oʼzbekiston”, “Toshkent”, “Oilaviy”, “Mahalla” telekanallarida “Axborot”, “Tahlilnoma”, “Yangiliklar”, “Studiya-24”, “Munosabat”, “Oydin hayot”, “Kun xabarlari”, “Qarama-qarshi”, “Assalom, Oʼzbekiston!”, “Vaziyat-24”, “Ochiq muloqot”, “Xalq minbari”, “Murosai madora”, “Agroinnovatsiya” kabi ijtimoiy-siyosiy mavzudagi oʻnlab dasturlar toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etiladigan boʻldi.
Yangilanayotgan Oʻzbekiston islohotlari ohangida bugun har bir koʻrsatuvda aytilayotgan mulohazalar xolis, haqqoniy va chuqur tahlillarga asoslangani holda keng jamoatchilikni fikrlashga undamoqda. Bu esa mamlakatimiz taraqqiyotida milliy teleradiokompaniyaning oʻrni va rolini koʻrsatib bermoqda, desak xato boʻlmaydi. Shuningdek, bunday ijodiy jarayonlar, oʻz navbatida, bugungi davr telejurnalistikasining oʻziga xosligi, taraqqiyoti va yuksalish jarayonlarini belgilashga xizmat qilmoqda.
Shuhrat HAYITOV
“Oʼzbekiston” telekanali bosh muharriri,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori










