“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan lokomotiv parklarini yangilash maqsadida har yili xorijiy davlatlardan xalqaro talablarga toʻliq javob beradigan yuk va yoʻlovchi tashishga moslashtirilgan zamonaviy hamda yangi elektrovozlar sotib olishga katta ahamiyat qaratilmoqda.
Maqsad esa aniq: mamlakatimiz temir yoʻl transportida yuk va yoʻlovchi tashish tizimini yana-da yaxshilash va sifatli xizmat koʻrsatish darajasini oshirishdir. Buning uchun poʻlat izlarimizda mintaqa iqlimiga toʻgʻri keladigan qudratli elektrovozlarni koʻpaytirish taqozo etiladi. Shu maqsadda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Rossiya Federatsiyasining Novocherkassk shahrida joylashgan «Transmashxolding» aksiyadorlik jamiyati bilan tuzilgan hamkorlik loyihasiga koʻra yurtimizga 2018-yilda 2 ta, 2020-yilning iyul oyida esa yana 2 ta 3 seksiyali ushbu korxonada ishlab chiqarilgan yangi Ermak nomli elektrovoz keltirilib, muvaffaqiyatli ekspluatatsiya qilinayotgan edi. Navbatdagi keltirilgan 3 ta uch seksiyali elektrovoz ham ana shu hamkorlikning uzviy davomidir.
Taqdimot marosimida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi va masʼul tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda mutaxassislar yangi elektrovozlarning yuklarni tashish jarayonida muhimligini alohida taʼkidladilar.
Shuni taʼkidlash kerakki, ushbu turdagi elektrovozlarni sotib olishdan oldin Oʻzbekiston temir yoʻllari mutaxassislari tomonidan mamlakatimizdagi mavjud togʻli uchastkalarda maxsus texnik sinovlarni oʻtkazdilar. Lokomotivlar bu sinovlardan ishonchli oʻtdi, sababi poyezdlar harakatlanishi murakkab boʻlgan togʻli hududlarda koʻngildagidek harakatlandi. Texnik xususiyatlariga kelsak, 3ES5K elektrovozi uch qismdan iborat. Uning quvvati soatiga 9840 kVt. Harakatdagi minimal tezlik – 49,9 km/soat, eng yuqori tezlik – 110 km/soat. Elektrovoz eng issiq yoz va qahraton sovuq kunlarga ham bardosh bera oladi. Lokomotiv kabinasi toʻliq kompyuterlashtirilgan boʻlib, haydovchi uchun barcha qulayliklarga ega.
Ushbu yangi keltirilgan elektrovozlarda Toshkent, Qarshi hamda “Buxoro mintaqaviy temir yoʻl uzeli” unitar korxonasi hududidagi Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Qarshi viloyati yoʻnalishlarida harakatlanadigan yuk poyezdlariga xizmat koʻrsatiladi.
Taʼkidlash lozimki, ushbu yangi uchta elektrovoz bilan mamlakatimiz temir yoʻllarida bu turdagi lokomotivlar soni 7 tani tashkil etadi. Bugungi kunda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi elektrovozlarning umumiy soni esa 115 taga yetdi








