Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Alisher Gʻaniyev oltin medalni qoʻlga kiritdi

    Sport 23 Oktabr 2024 527

    Albaniyaning Tirana shahrida sport kurashlari boʻyicha U23 yosh toifasida oʻtayotgan jahon chempionatining ikkinchi kunida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Alisher Gʻaniyev oltin medalni qoʻlga kiritdi.

    Hamyurtimiz -60 kilogramm vazn toifasida Xalqaro sport kurashlari uyushmasi bayrogʻi ostida ishtirok etgan rossiyalik Dinislam Bammatov bilan kuch sinashdi.

    Shiddatli kechgan bellashuvda Alisher Gʻaniyev 8:4 hisobida gʻoliblikni tantana qildi va shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan joy egalladi.

    Uning muvaffaqiyati tufayli Tirana shahridagi muhtasham sport majmuasi uzra Vatanimiz bayrogʻi yuksalib, madhiyamiz baralla yangradi.

    Eslatib oʻtamiz, Gʻaniyev ilk bellashuvda germaniyalik Georgios Skarpelloni 9:0, ruminiyalik Denis Mixaini 8:0, chorak finalda ukrainalik Bogdan Xrishinni 11:2, yarim finalda Ozarbayjon terma jamoasi aʼzosi Nihad Guluzadeni 9:0 hisobida taslim etdi.