Oʻzbekiston turizm salohiyati Shveysariyada taqdim etildi

    Turizm 18 Oktabr 2024 468

    Shveysariyaning Noyxatel shahrida ikki mamlakat turizm sohasining 50 dan ortiq vakillari ishtirokida Oʻzbekiston-Shveysariya turizm forumi boʻlib oʻtdi.

    Tadbir Turizm qoʻmitasi, Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchixonasi, Oʻzbekistonning Jenevadagi BMT boʻlinmasida doimiy vakolatxonasi va Shveysariyaning yirik turoperatori “Rubis Voyages” bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Forumda Oʻzbekistonning sayyohlik imkoniyatlari va madaniy-tarixiy merosi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Shuningdek, Shveysariya sayyohlik kompaniyalari vakillari Oʻzbekistonning sayyohlik markazlari, noyob sayyohlik marshrutlari, transport-logistika imkoniyatlari va yangi sayyohlik mahsulotlari bilan yaqindan tanishdilar.

    Forum yakunida tomonlar bilan muzokaralar olib borilib, Oʻzbekiston va Shveysariya oʻrtasidagi turizm aloqalarini birgalikda rivojlantirish va mustahkamlash istiqbollari muhokama etildi.

    Bundan tashqari, Shveysariya Milliy turizm assotsiatsiyasi raisi oʻrinbosari Roland Shmid, Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Turizmni rivojlantirish direksiyasi rahbari Federiko Samaruga, “Tourism and Conventions Foundation” Assotsiatsiyasi direktori Jonatan Robin va “Caspian Week Platform” vitse-prezidenti Shirin Seytnepesova bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

    Mazkur uchrashuvlar doirasida ikki davlat oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etilib, Shveysariyadan Oʻzbekistonga sayyohlar oqimini koʻpaytirish, mamlakatimizning turizm salohiyatini Yevropada keng targʻib etish boʻyicha qoʻshma marketing tadbirlarini oʻtkazish, turizm sohasida taʼlim yoʻnalishi boʻyicha hamkorlik qilish, sohani rivojlantirish boʻyicha oʻzaro tajriba almashish va hamkorlik qilish kabi masalalarda kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.