O'zbekiston Turkiy davlatlar banklar Assotsiatsiyalari Kengashi yig'ilishiga mezbonlik qilmoqda

    Panel sessiyalarda moliyaviy firibgarlik, Islom moliyasi kabi mavzular ko'tarilmoqda.

    Yurtimizda sifatli moliyaviy xizmat ko'rsatish, antifrod, ya'ni firibgarliklarga qarshi kurashish va Islom bankchiligini joriy etish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda. O'zbekiston Banklari Assotsiatsiyasida “Fintex va banklar, antifrod (firibgarlikka qarshi kurashish), Islom bankini ommalashtirish” mavzusida tashkil etilgan tadbirda ana shular muhokama qilindi.

    Unda Turkiya, Ozarbayjon, Qirg'iziston, Qozog'iston va boshqa Turkiy davlatlar banklar Assotsiatsiyalari Kengashiga a'zo davlatlardan kelgan mutaxassislar o'z tajribasi bilan o'rtoqlashadi. Panel sessiyalarda 20 dan ortiq mahalliy va xorijiy ma'ruzachilar mavzuga doir chiqishlari bilan qatnashadilar.

    — Hozir yurtimizda 35 ta tijorat banklari faoliyat yuritmoqda, — deydi O'zbekiston Banklari Assotsiatsiyasi matbuot kotibi Hadiya Abdullayeva. — Prezidentimiz ham kuni kecha o'tkazilgan Toshkent Xalqaro investitsiya forumida so'zlagan nutqlarida so'nggi yillarda islohotlar natijasida mamlakatimizda ko'plab xususiy banklar ochilayotgani, bozorimizga Yevropaning yetakchi banklari kirib kelayotgani, qator raqamli banklar o'z faoliyatini amalga oshirayotganini ta'kidladilar. Quvonarlisi, nafaqat raqamli banklar, balki an'anaviy tijorat banklari ham “raqamli banking” bo'yicha izlanishlar olib borib, aholi uchun yangidan yangi moliyaviy onlayn xizmatlarni taqdim etmoqda. O'tkazilayotgan ushbu xalqaro konferensiya esa bu borada turkiy tilli davlatlarda qilinayotgan ishlar bilan tanishish, o'zaro fikr almashish hamda yangi g'oyalarga ega bo'lishga yordam beradi.

    Konferensiya doirasida Turkiy davlatlar banklar Assotsiatsiyalari Kengashi (SBATS) a'zolarining navbatdagi yig'ilishi ham bo'lib o'tadi. Bu yilgi ushbu tadbirga O'zbekiston mezbonlik qilmoqda.

    Ma'lumot uchun, Turkiy davlatlar banklar Assotsiatsiyalari Kengashi 2022-yil 4-noyabrda tashkil etilgan. Unga O'zbekiston banklari Assotsiatsiyasi, Ozarbayjon Banklar Assotsiatsiyasi, Qozog'iston banklar Assotsiatsiyasi, Qirg'iziston banklari Assotsiatsiyasi, Turkiya banklar Assotsiatsiyasi, Turkiya ishtirokchi banklari Assotsiatsiyalari a'zodir.