Uchrashuv avvalida Agentlikning tashkil etilishi, faoliyati va asosiy vazifalari haqida qisqacha maʼlumot berildi. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi va “El-yurt umidi” jamgʻarmasining kadrlarni tayyorlash va davlat xizmatini malakali xodimlar bilan taʼminlashning yaxlit katta tizimi ekanligi maʼlum qilindi.

Bugungi kunda Agentlik Turkiya Inson resurslari ofisi bilan yaqindan hamkorlik olib borayotganligi, Turkiyaning iqtisodiy-erkin zonalarni tashkil etish, qurilish, turizm sohalaridagi tajriba va erishgan yutuqlarini oʻrganish foydali boʻlishi qayd etildi.

Oʻz navbatida O.Bekar ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik faol rivojlanib borayotganligini maʼlum qildi. Turkiya Respublikasi Prezidentining joriy yil 29-30-mart kunlari Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Oliy darajadagi Oʻzbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yigʻilishi yakunlari boʻyicha Qoʻshma bayonotning imzolanishi Turkiya Inson resurlari ofisi bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda katta turtki boʻlganini bildirdi.

O.Bekar Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan oʻzbekistonlik davlat xizmatchilarining Turkiyada maqsadli va samarali malaka oshirishini tashkil qilishda amaliy yordamga tayyorligini maʼlum qildi.

Elchi Oʻzbekistonda soʻnggi besh yilda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, katta oʻzgarishlarni yuqori baholadi va endilikda davlat xizmatida yuqori malakali kadrlar sonini koʻpaytirish muhimligini bildirdi. Oʻzbekistonning barcha sohalarda har tomonlama rivojlanishidan Turkiya manfaatdor ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, elchixona boshqa sohalarda ham malaka oshirish va stajirovkalarni tashkil qilish imkoniyatlari haqida doimiy xabardor qilib borishini maʼlum qildi.

Uchrashuvda davlat xizmati sohasini rivojlantirish boʻyicha kelgusidagi hamkorlik yoʻnalishlari belgilandi.