O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma ilmiy-texnik loyihalar muhokamasi boshlandi

    Fan 15 Iyun 2020 3228

    «Matematika, fizika, mexanika fanlari» va «Er to‘g‘ridagi fanlar» bo‘yicha Ilmiy texnik kengashlarining navbatdagi majlislarida O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma ilmiy-texnik loyihalar muhokama qilindi.

    Loyihalar taqdimotida mualliflar tomonidan loyihalarning dolzarbligi, ilmiy salohiyati, kutilayotgan natijalari, moliyaviy sarf xarajatlari asoslab berildi. ITK a'zolari har bir loyiha bo'yicha o‘z fikr mulohazalarini bildirdilar. Natijalari bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

    Ilmiy-texnik loyihalarni bajarish O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Turkiya Respublikasi Fan va texnologik tadqiqotlar kengashi (TUBITAK) o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida amalga oshiriladi.

    O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Turkiya Respublikasi Fan va texnologik tadqiqotlar kengashi (TUBITAK) hamkorlikdagi ilmiy-texnik loyihalar tanlovi 2019 yilning 28 sentyabr kuni e'lon qilinib, tanlov shartiga ko'ra 2019 yil 20 dekabrgacha loyihalar qabul qilindi. Tanlovga topshirilgan va texnik ekspertizadan ijobiy xulosa olgan loyihalar Ilmiy-texnik kengashlarga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.

    Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan oliy ta'lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasalari Turkiya Respublikasidan «loyihani amalga oshirish bo'yicha hamkor» topishlari va loyihalarni amalga oshirishga kelishishlari, tanlovga loyihalar har ikkala ijrochi tomonidan taqdim etilishi lozim edi. Mazkur tanlov turli fan yo'nalishlari bo‘yicha o‘tkazildi.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan har bir loyiha uchun yiliga ko‘pi bilan 500 000 000 so‘m (jami ko'pi bilan ikki yilga 1 000 000 000 so‘m) miqdorida, o‘z navbatida Turkiya Respublikasi Fan va texnologik tadqiqotlar kengashi (TUBITAK) tomonidan hamkor loyiha uchun yiliga ko‘pi bilan 360 000 turk lirasi (jami ko‘pi bilan ikki yilga 720 000 turk lirasi) miqdorida mablag‘ ajratiladi. Loyihani amalga oshirish muddati 24 oydan oshmasligi lozim.

    Keyingi bosqichda loyihalar bo‘yicha vazirlik Hay'atining qarori qabul qilinadi va Turkiya tomonning xulosasini inobatga olgan holda loyihalar moliyalashtiriladi.