Tadbirda Afgʻonistondan 150 nafar tadbirkor, Oʻzbekistondan esa 50 dan ortiq kompaniya vakillari qatnashdi. Uchrashuvlar oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari, farmatsevtika, toʻqimachilik va qishloq xoʻjaligi kabi yoʻnalishlarda tashkil etildi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasining xabar berishicha, forum ochilishida Balx viloyati hokimiyati, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Afgʻoniston Savdo va investitsiya palatasi vakillari soʻzga chiqdi.
Taʼkidlanganidek, 2025-yil davomida Kobul va Mozori-Sharifda oʻtkazilgan tadbirlarda qariyb 400 ta oʻzbek kompaniyasi ishtirok etib, umumiy qiymati 250 million dollaridan ziyod shartnomalar imzolangan.
Hozirda Afgʻoniston bozorida Oʻzbekiston Savdo uylari faoliyat yuritmoqda. Jumladan, Kobul shahridagi savdo uyi shourum va omborxonaga ega boʻlib, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini taqdim etmoqda. Mozori-Sharifdagi savdo uyi esa qurilish materiallari, oziq-ovqat, tibbiy anjomlar, farmatsevtika va elektr texnikasi mahsulotlariga ixtisoslashgan.
2025-yil yakuniga koʻra ikki davlat oʻrtasidagi tashqi savdo aylanmasi 1,8 milliard AQSH dollarini tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 50 foizga oshgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar 205 million dollarlik dastlabki kelishuvlarga erishdi. Mazkur biznes missiya yangi hamkorlik yoʻnalishlarini belgilash, savdo hajmini oshirish va investitsiya salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.