Tomonlar investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi kun tartibini batafsil muhokama qildilar. Xususan, qoʻshma tashabbus va loyihalarni amalga oshirish hisobiga hamkorlikni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Muhammad Zahangir Alam Bangladesh kompaniyalarining Oʻzbekiston bozoriga katta qiziqishini taʼkidladi. “Bu yerda biznes yuritish uchun keng imkoniyatlar va qulay sharoitlar yaratilyapti”, — deya oʻz bahosini berdi diplomat. Shu munosabat bilan uchrashuvda sanoat kooperatsiyasini faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Hozirgi bosqichda soʻz tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakat bozorlariga eksport qilish maqsadida qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, toʻqimachilik, charm-poyabzal va farmatsevtika tarmoqlarida loyihalarni ishlab chiqish hamda qoʻshma korxonalar tashkil qilish haqida boryapti.
Tomonlarni qiziqtirgan boshqa bir qator masalalar ham muhokama etildi. Masalan, “Toshkent – Dakka – Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni tiklash muhimligi qayd etildi. Bu, oʻz navbatida, Toshkentning Bangladeshdan uchib kelayotgan tranzit reyslari uchun xab sifatida xizmat qilishiga zamin yaratadi.
Uchrashuvda taʼkidlanganidek, Bangladeshning “BiTiVi Vorld”, “Banglavijn”, “Djamuna Televijn” va “EnTiVi Bangladesh” kabi taniqli telekanallari jurnalistlarining reklama va promoroliklari uchun media-kontentni tayyorlash maqsadida Oʻzbekistonga tashriflari turizm sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga yordam beradi.
Shuningdek, Oʻzbekistonga turistik oqimini oshirish maqsadida ikki mamlakat milliy aviakompaniyalari oʻrtasida kod-shering toʻgʻrisidagi bitim (reyslardan birgalikda foydalanish toʻgʻrisidagi bitim)ni tuzish hamda Bangladesh fuqarolari uchun mamlakatimizga kirishlarini soddalashtirish uchun viza berishning elektron tizimini joriy qilish imkoniyatini koʻrib chiqish rejalashtirildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Bangladesh hukumatlararo komissiyasining 3-yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrishni boshlashga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.