Oʻzbekiston va Belarus hududlararo hamkorlikni kengaytiradi

    Biznes 8 Fevral 2024 473

    Joriy yil 7-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston va Belarus hududlararo ikkinchi forumida ishtirok etdi.

    Tadbirda delegatsiyalarga: Oʻzbekiston tomonidan – Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev, Belarus tomonidan – Belarus Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Leonid Zayas boshchilik qildi. Shuningdek, Forumda ikki davlatning 300 dan ortiq vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari, Savdo-sanoat palatalari, viloyat hokimliklari rahbarlari hamda ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

    Forumning yalpi majlisida soʻnggi yillarda oʻzaro tovar ayirboshlashning barqaror oʻsish dinamikasini, ikki mamlakat iqtisodiyotida foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligi, bu oʻzaro savdo hajmini oshirish boʻyicha vazifalarni amalga oshirish imkonini berayotgani alohida taʼkidlandi.

    Ikki mamlakat hududlari oʻrtasida talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi istiqbolli bozorlarni oʻzlashtirishga qaratilgan sarmoyaviy hamkorlik va savdo aloqalarini rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi. Bunda oʻzaro tashriflar, investitsiya forumlari, koʻrgazmalar, korxonalarga tashriflar, biznes-uchrashuvlari muhim ahamiyat kasb etayotgani hududlar salohiyatini yuzaga chiqarish, joylarda kichik va oʻrta biznes vakillari oʻrtasidagi aloqalar samaradorligini oshirish imkonini beradi. Shu nuqtai nazardan, soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston va Belarus ishbilarmon doiralarining mintaqaviy vakillarini faol va muvaffaqiyatli hamkorlikka chaqirib, hukumatlar qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishda har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi.

    Savdo uyi tashkil etish, yogʻoch va oziq-ovqat mahsulotlarini imtiyozli xarid qilish va tizimli yetkazib berish mexanizmini joriy etish, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish ikki davlat munosabatlarining istiqbolli yoʻnalishlaridan ekanligi taʼkidlandi.

    Forum dasturi qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati, sarmoyaviy hamkorlik, sport, turizm, sogʻliqni saqlash va yoshlar siyosati sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilishga bagʻishlangan panel sessiyalari bilan davom ettirildi.

    Tadbir yakunlari boʻyicha ikki mamlakat hududlarining oʻzaro tashriflari jadvali, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qator ikki tomonlama shartnomalar, shuningdek, sarmoyaviy bitimlar va savdo shartnomalari toʻplami qabul qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.