Muloqot davomida Oʻzbekiston Respublikasi turizm va sport vazirining birinchi oʻrinbosari U.Azamov xorijiy hamkorlar bilan mamlakat sayyohlik salohiyati va respublikada turizmni rivojlantirish, pandemiya davrida xususiy sektorni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari, sayyohlarni qabul qilish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, logistika, turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish kabi masalalarini muhokama qildi.

Oʻzbekiston Respublikasining Belarusdagi elchixonasi maslahatchisi R.Nazarov tadbirdan maqsad har ikkala davlat oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish zaruratini alohida qayd etib oʻtdi.

Shu bilan birga, videokonferensiyada turizm sohasidagi hamkorlikka doir taqdimotlar va videoroliklar namoyish etildi, mamlakatda rivojlanib borayotgan turizm turlari, xususan, madaniy-tarixiy, ziyorat, gastronomik, eko-, agro, qishki va etnoturizm yoʻnalishlari salohiyati keng yoritib berildi.

Oʻzbekiston tomonidan forum ishtirokchilariga respublikamizda xalqaro standartlarga javob beruvchi sanitariya-epidemiologiya xavfsizligining yangi “Uzbekistan. Safe Travel GUARANTEED” tizimi asosida amalga oshirilayotgan loyihalar, xususan Belarusdan kelgan xorijiy mehmonlarning xavfsiz boʻlishini taʼminlash choralari toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar taqdim etildi. Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni turizmning barcha yoʻnalishlari boʻyicha yangi bosqichga olib chiqish hamda amaliy ishlarni jadal surʼatlarda davom ettirish kerakligi taʼkidlandi.

Buxoro viloyati turizm va sport bosh boshqarmasi vakillari “Ziyorat turizm salohiyati Buxoro viloyati misolida” mavzusidagi taqdimoti bilan qatnashib, Oʻzbekiston ziyorat turizm salohiyati hamda viloyatlarning infratuzilma holatlarini yaxshilashga doir olib borilayotgan investitsion loyihalar haqida maʼlumotlar berishdi.

“Hamkorlikni oʻzaro manfaatli ravishda yoʻlga qoʻyish, turizm sohasidagi xizmatlar isteʼmolini tez muddatda pandemiyagacha boʻlgan turistik almashinuv darajasiga tiklash oldimizdagi eng muhim vazifalardan hisoblanadi”, — dedi Belarus Respublikasi Sport va turizm vaziri oʻrinbosari M.Portnoy.

Onlayn uchrashuv davomida “Minsk shahri axborot Markazi” boshligʻi A.Rusakevich va Belarus Respublikasi Turizm industriyasi direktori oʻrinbosari D.Morozova tomonidan Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasida hamkorlikning yangi imkoniyatlariga bagʻishlangan taqdimotlari namoyish etildi hamda turizm sohasidagi hamkorlik aloqalarini oʻrnatish hamda ikki mamlakatning turistik salohiyatini birgalikda targʻib etishga tayyorligini bildirishdi.

Oʻzbekistonning turizm salohiyatini yanada targʻib qilish va batafsil marketing qadamlarini ishlab chiqish, shuningdek, ikki mamlakat sayyohlik biznesi oʻrtasida B2B formatida muntazam aloqalarni yoʻlga qoʻyish zarurligi alohida qayd etildi.

“Uzbekistan Airways” AJning Minsk shahridagi vakili U.Isayev tomonidan bugungi kunda Belarus sayyohlari va guruh boʻlib sayohat qiluvchilar uchun aviakompaniya tomonidan maxsus tariflar joriy etilganligi taʼkidlandi.

“SENTRKURORT” respublika unitar korxonasi vakili tomonidan Oʻzbekistonlik sayyohlarga Belarusiyadagi dam olish maskanlarining keng imkoniyatlari va oʻzbek sayohatchilarini sayohatga taklif etish orqali hamkor davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro sayyohlik oqimi tez orada oshishiga umid bildirdi.

Videokonferensiya yakunlari boʻyicha tomonlar turizm sohasida hamkorlikni, turistlar oqimini koʻpaytirish, aviaparvozlarni qayta tiklash va kengaytirish, Oʻzbekiston sayyohlik tashkilotlari oʻrtasida muntazam muloqot oʻrnatish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda Oʻzbekiston va Belarus turizm biznesini yanada faolroq qoʻllab-quvvatlashga kelishib oldi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.