Muzokaralarning kun tartibi bilan BMT TD va Oʻzbekiston oʻrtasida davlat boshqaruvini takomillashtirish, aholi bandligini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, sud-huquq tizimini isloh qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi hamkorlik kabi keng koʻlamli masalalar qamrab olindi.
M.Spolyarich-Yegger BMT TDning Oʻzbekistonning ijtimoiy yoʻnaltirilgan, ekologik jihatdan masʼuliyatli va barqaror rivojlanishini yana-da qoʻllab-quvvatlashga sodiqligini tasdiqladi. BMTTD, shuningdek, “BRM lokomotivlari” deb nomlangan toʻrtta yoʻnalish, yaʼni boshqaruv, ijtimoiy himoya, “yashil” iqtisodiyot va raqamlashtirish sohalarida iqtisodiy siyosat choralari va investitsiyalarni birlashtirib, Hukumatning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) integratsiyasini ilgari surish borasidagi saʼy – harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga tayyordir.
Suhbat chogʻida ishtirokchilar BMT TD bilan hamkorlikda joriy etilayotgan umumiy qiymati 3,6 million dollarlik Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish boʻyicha loyihalarning amalga oshirilishini oʻrganib, ushbu yoʻnalishda mavjud masalalarni koʻrib chiqdilar. “Oʻzbekistonda savdoni ragʻbatlantirishga koʻmaklashish” loyihasini amalga oshirishning hozirgi holati ham koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida rejalashtirilgan tashabbus va kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar toʻgʻrisida kelishib olindi.
BMT TD Oʻzbekiston Hukumati va fuqarolik jamiyati institutlariga oʻtish davri muammolarini bartaraf etishda yordam berishga qaratilgan keng koʻlamli ishlarni amalga oshiradi. BMT TD iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va aholi farovonligini taʼminlash uchun zarur boʻlgan bilim, tajriba va resurslarga ega boʻlishda davlat va nodavlat institutlarga koʻmaklashadi. Hozirgi kunda BMT TD Oʻzbekistonda umumiy qiymati 26 million dollarga yaqin 9 ta loyihani amalga oshirmoqda, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.