Oʻzbekiston va YEI hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi

    Xalqaro hamkorlik 7 Iyul 2022 1860

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Bryusselda Yevropa Kengashi Prezidentining Tashqi siyosat boʻyicha Bosh maslahatchisi Saymonom Mordyu bilan uchrashdi.

    Uchrashuv kun tartibidan Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikning bugungi holati va uni chuqurlashtirishning istiqbollari oʻrin oldi. Barcha ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirishning ijobiy dinamikasi, shuningdek, turli darajalarda ikki tomonlama aloqalar muntazam yoʻlga qoʻyilganligi qayd etildi.

    Shu kunning oʻzida biroz avvalroq Bryusselda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi hamkorlik qoʻmitasining 18-yigʻilishi yakunlari ijobiy baholandi. Tomonlar investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratgan holda istiqbolli yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar.

    Shu nuqtayi nazardan, oʻzaro savdo koʻrsatkichlarining sezilarli oʻsishi qayd etildi. Jumladan, joriy yilning dastlabki besh oyida Oʻzbekiston va YEI mamlakatlari oʻrtasidagi tovar aylanmasi 22 foizga, Oʻzbekistondan YEIga eksport esa 86 foizga oshdi. Eng katta oʻsishni koʻrsatgan tovarlar toifalari orasida kimyo sanoati mahsulotlari (6-marta oʻsish), toʻqimachilik (90 foizga oʻsish) va oziq-ovqat mahsulotlari (65 foizga oʻsish) bor edi. Bunga koʻp jihatdan Oʻzbekiston tomonidan 2021-yilda Yevropa Ittifoqining “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimining benefitsiar maqomini olishi tufayli erishildi. Fursatdan foydalanib, tomonlar “GSP+” tizimi doirasida YEI monitoring missiyasining Oʻzbekistonga tashrifi yakunlarini muhokama qildilar va ushbu tizimning benefitsiari sifatida uning afzalliklarini amalda qoʻllash maqsadida mamlakat tomonidan ratifikatsiya qilingan barcha 27 xalqaro Konvensiya talablariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi va YEI oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim (KSHHTB) loyihasi boʻyicha muzokaralar yakunlangani va uning parafirlangani mamnuniyat bilan qabul qilindi. Bitimning parafirlanishi tashqi siyosat, xavfsizlik, tarmoqlararo hamkorlik, investitsiyalar va savdo kabi keng koʻlamli yoʻnalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish uchun mutlaqo yangi, keng imkoniyatlar yaratishi taʼkidlandi.

    Jahon savdo tashkilotiga (JST) qoʻshilish mavzusiga toʻxtalar ekan, Oʻzbekiston tomoni YEIning Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha Ishchi guruhining 5-yigʻilishini tashkil qilish va oʻtkazishda qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Bu yoʻnalishda hamkorlik qilish boʻyicha navbatdagi saʼy-harakatlar belgilab olindi.

    Muloqot chogʻida 2022-yil davomida bir qator qoʻshma tadbirlarni, jumladan, “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammiti, oʻzaro bogʻliqlik masalalari boʻyicha Vazirlar konferensiyasi va qoʻshma Turizm forumini tashkil qilish va oʻtkazish masalalari ham koʻrib chiqildi.

    Uchrashuv yakunida koʻrib chiqilgan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida umumiy masalalarni ilgari surish boʻyicha hamkorlikni faollashtirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.