Eslatib oʻtamiz, tomonlar oʻrtasidagi KSHHB boʻyicha muzokaralarning avvalgi raundi shu yilning fevral oyida videokonferens aloqa shaklida oʻtkazilgan edi.

Tadbirga Oʻzbekiston tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari Badriddin Obidov hamda Yevropa Komissiyasining Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq, Turkiya, Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo boʻyicha bosh direktori Timo Hammaren raislik qilishdi.

Muzokaralarda respublikaning turli vazirlik va idoralari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi muassasalari rahbarlari va mutaxassislari ham ishtirok etdi.

Muhokama etilgan masalalar, avvalambor, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi. Investitsiyalar va ishbilarmonlik muhitini har tomonlama takomillashtirish jihatlariga eʼtibor berildi. Mamlakatimiz umumdavlat imtiyozlar tizimi (GSP+) benefitsiar-mamlakat maqomini olganidan soʻng, Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning yana-da yaxshilangani alohida qayd etildi.

Ushbu kelishuv muhokamasi 2019-yilda boshlangan. Shu kunga qadar muzokaralarning 7 raundi boʻlib oʻtdi. KSHHB 1996-yilda Florensiyada (Italiya) imzolangan Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi amaldagi sheriklik va hamkorlik bitimini toʻldiradi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Qoʻshimcha qilib aytishimiz mumkinki, KSHHB Yevropa Ittifoqi bilan ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarga yangi turtki beradi. KSHHB, shubhasiz, Yevropa investitsiyalarini jalb qilish, shuningdek, intellektual mulk, savdo va barqaror rivojlanish, texnik, sanitariya va fitosanitar tartibga solish va boshqa sohalarda tajribalarini jalb qilish orqali Yevropa Ittifoqi bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni qurishning muhim vositalaridan biriga aylanadi.