Oʻzbekiston va Eron oʻyinini koʻrish uchun stadionga jamoat transportida kelish soʻraldi

    Shu yilning 10-oktyabr kuni soat 19.00 da Oʻzbekiston va Eron terma jamoalari futbol boʻyicha Jahon chempionati saralash bahslari doirasida oʻzaro uchrashishadi.

    iticket.uz sayti maʼlumotiga koʻra, Oʻyinga boʻlgan qiziqish yuqori boʻlganligi sababli sotuvga chiqarilgan barcha chiptalar tugagan.

    IIB YHXB axborot xizmati futbol maydoniga oʻyin boshlanishidan vaqtliroq tashrif buyurishni, shaxsiy transportda emas, balki jamoat transportida kelishni, chiptalarsiz futbol maydoniga kelmaslikni (chiptalarsiz maydonga kiritilmaydi) soʻradi.

    Maʼlum qilinishicha, futbol ishqibozlariga qulaylik yaratish va tirbandliklarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida qoʻshimcha jamoat transportlari ajratilgan.

    Shuningdek, futbol ishqibozlari maydonda jamoat tartibiga va oʻrnatilgan qoidalarga qatʼiy rioya qilishlarini, muxlislik madaniyatiga amal qilishlarini soʻraymiz, deyiladi xabarda.