Suhbat davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika hamda madaniy-gumanitar sohasidagi hamkorlikka qaratilgan Oʻzbekiston-Eron munosabatlarining keng koʻlamli yoʻnalishlari yuzasidan fikr almashildi.

Ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini koʻpaytirishning shart-sharoitlari qayd etildi. Tomonlar yaqin kelajakda oʻzaro savdo hajmini bir necha barobarga oshirish uchun imkoniyat va zarur resurslar mavjudligiga ishonch bildirib, bu borada aniq amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirishga oʻzaro tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Tomonlarning fikriga koʻra, investitsiyaviy hamkorlik yoʻnalishida ham keng istiqbollar mavjud. Buni eronlik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar soni tobora oshib borayotgani, shuningdek, Eron ishbilarmon doiralarining Oʻzbekiston bozori va iqtisodiy resurslariga qiziqishi ortib borayotgani ham tasdiqlaydi. Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Eron Hukumatlararo komissiyasining boʻlajak 14-yigʻilishi doirasida bir qator yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha bitimlar imzolanishi rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.

Oʻzbekiston va Eron tadbirkorlari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish boʻyicha vazifalar belgilandi. Agrosanoat, suv resurslarini boshqarish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qora metallurgiya, mashinasozlik, yengil sanoat va tibbiyot sohasi bu boradagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilandi. Shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalar, xususan, “Chabahar”, “Aras” (Eron) hamda “Navoiy” va “Angren” (Oʻzbekiston) EIZ subyektlari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish istiqbollari alohida taʼkidlandi. Yuqorida qayd etilgan tarmoqlarda aniq investitsiyaviy loyihalarni tayyorlash va tasdiqlash hamda ikki mamlakatning manfaatdor tadbirkorlari orasidan loyihalar tashabbuskorlarini aniqlash boʻyicha birgalikda ish olib borish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Tomonlar ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari oʻrtasida transport va logistika sohasida oʻtkazilgan ikki tomonlama muzokaralarda erishilgan muvaffaqiyatlarni olqishladilar. Jumladan, Oʻzbekiston idoralararo delegatsiyasining joriy yil yanvar oyida Eronga tashrifi chogʻida transport yoʻlaklarini rivojlantirish hamda ikki davlat hududlari orqali tovarlar tranzitini oshirish yoʻnalishida kelishuvlarga erishildi va hamkorlik toʻgʻrisidagi bir qator muhim bitimlar imzolandi.

Tomonlar ikki mamlakat va mintaqa davlatlarini bir-biri bilan bogʻlaydigan yangi, kam xarajatli savdo yoʻnalishlarini shakllantirish, shuningdek, har ikki mamlakatning transport va tranzit salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida izchil qoʻshma ishlarni davom ettirish ustuvor ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, muzokaralar kun tartibiga ikki mamlakatning xalqaro tashkilotlardagi ishtiroki doirasida birgalikda amalga oshiriladigan choralar, mintaqaviy xavfsizlikni, mintaqa mamlakatlari oʻrtasida iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash va transport aloqalarini mustahkamlash maqsadida hamkorlik qilish, shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga ega qoʻshma loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar kiritildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.