Uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Eron oʻrtasida investitsiyaviy, sanoat va savdo hamkorligi sohalarida oʻzaro manfaatli munosabatlarni chuqurlashtirishda sezilarli yutuqlarga erishish imkonini berishi mumkin boʻlgan masalalar yechimi atroflicha koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston-Eron savdo aylanmasi hajmini koʻpaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning bugungi holati koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston va Eron oʻrtasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim loyihasini imzolashga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq masalalar oʻrganildi, natijada oʻzaro maqbul yechimlar ishlab chiqildi va kelishib olindi. Tomonlar ikki mamlakat bozorlarida xaridorgir oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish boʻyicha mavjud imkoniyatlarni qayd etib, oʻzaro savdo salohiyatidan toʻliq foydalanish zarurligi toʻgʻrisida yakdil fikrga keldilar. Shuningdek, ikki mamlakat bojxona organlari oʻrtasida ikkala davlat boʻylab tovarlar va transport vositalari harakati boʻyicha elektron axborot almashinuvi toʻgʻrisidagi Oʻzaro anglashuv memorandumi imzolanishini jadallashtirishga kelishildi.

Tomonlar sanoat sohasiga alohida urgʻu bergan holda investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratdilar. Muzokaralar ishtirokchilari Eron kompaniyalarining Oʻzbekistonda ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish borasida orttirgan muvaffaqiyatli tajribasini qayd etib, ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Shu oʻrinda 21-fevralda Tehron shahrida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston-Eron biznes-forumining dolzarbligi taʼkidlandi. Tadbirda qatnashadigan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarini bevosita forum doirasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatish va aniq kelishuvlarga erishishga faol jalb qilishga oʻzaro tayyorlik bildirildi.

Shuningdek, uchrashuvda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikning boshqa masalalari, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi oʻrtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 14-yigʻilishi kun tartibidagi masalalar muhokama qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.