Oʻzbekiston va Fransiya taraqqiyot agentligi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlaydi

    Shu yil 10-martda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) oʻrtasidagi 6-yillik maslahatlashuvlarda ishtirok etdi. Uchrashuvda, shuningdek, FTA, Proparco va Expertise France vakillari, yetakchi ekspertlar va tadbirkorlar qatnashdi.

    Suhbat chogʻida birgalikda erishilgan yutuqlar va iqtisodiy rivojlanishning yangi imkoniyatlari muhokama etilib, islohotlarni qoʻllab-quvvatlash, infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hamkorlik natijalari sarhisob qilindi. FTA Oʻzbekistonda aholi turmush darajasini oshirish, ekologik va ijtimoiy muammolarni hal etish va xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlashda muhim rol oʻynashda davom etyapti.

    Mutaxassislar soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi savdo va sarmoyaviy aloqalar mustahkamlanganini taʼkidladi. 2024-yilda Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi 6,4 milliard dollarni tashkil etib, 5,2 foizga oʻsdi. Mamlakatimiz Yevropa Ittifoqining 6 200 dan ortiq turdagi Oʻzbekiston mahsulotini Yevropa bozoriga chiqarish imkonini beruvchi GSP+ dasturi doirasidagi oʻz maqomidan samarali foydalangani muvaffaqiyat omillaridan biri boʻldi. Natijada oʻzbek tovarlari Yevropa Ittifoqi bozoriga kirib, eksportni diversifikatsiya qilish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xorijdagi ishtirokini oshirishga xizmat qilyapti.

    Ayni paytda Oʻzbekistonda umumiy qiymati 30 milliard yevrodan ortiq sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirayotgan mingdan ortiq Yevropa kompaniyalari faoliyat yuritib kelyapti. Fransiya tajribasi sanoat strategiyalarini ishlab chiqish, mintaqaviy rivojlanish dasturlarni va xususiy sektorni mustahkamlashga qaratilgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlash orqali iqtisodiy oʻsishning qoʻshimcha drayveri boʻlishi mumkin.

    Shu bilan birga, tomonlar hududlararo munosabatlarni chuqurlashtirish, qoʻshimcha moliyaviy resurslarni jalb etish, oʻta muhim xomashyo sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning bir qancha muhim yoʻnalishlarini belgilab oldilar.

    Ushbu sohalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekistonda foydali qazilmalarni qazib olish sohasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan qonun hujjatlari qabul qilindi. Bu xalqaro standartlarga mos keladi va mamlakatning togʻ-kon sanoatiga sarmoya jalb etish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratadi.

    Tadbir soʻngida ishtirokchilar Oʻzbekiston bilan Fransiya taraqqiyot agentligi oʻrtasidagi hamkorlik yanada chuqurlashishiga, shuningdek, investitsiyalar, innovatsiyalar va barqaror iqtisodiy oʻsishning yetakchi markaziga aylanishga intilayotgan Oʻzbekistonda Yevropa kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlar ochilishiga ishonch bildirdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.