O‘zbekiston va Germaniya Prezidentlari ko‘p qirali sheriklik istiqbollarini muhokama qildilar

    Hukumat 30 Avgust 2021 7535

    30-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

    Suhbat avvalida Germaniya Prezidenti davlatimiz rahbari va O‘zbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqillikka erishganining 30 yilligi bilan samimiy tabrikladi. Keyingi yillarda yurtimizda demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi muvaffaqiyatlar alohida qayd etildi.

    Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotning davomi sifatida ikki tomonlama hamkorlik masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi. Ko‘p qirrali munosabatlarning bugungi darajasiga yuksak baho berilib, istiqboldagi O‘zbekiston-Germaniya hamkorligining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

    O‘zaro savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish, ishbilarmonlik tashabbuslarini, Germaniyaning Siemens, Bosch, Man, Claas, Knauf va boshqa ko‘plab yetakchi kompaniyalari ishtirokida yuqori texnologik tarmoqlardagi sanoat kooperatsiyasi loyihalari va infratuzilmani modernizatsiya qilish dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.

    Prezidentlar mamlakatimiz maktablari va oliy ta’lim muassasalarida nemis tilini chuqur o‘rganish masalalariga alohida to‘xtaldilar. O‘zaro gumanitar almashinuvlarni bundan buyon ham faol davom ettirishga kelishib olindi.

    Davlatimiz rahbari Federal Prezidentga respublikamizda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda ko‘rsatilgan texnik-maslahat ko‘magi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

    Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi. Frank-Valter Shtaynmayer fuqarolarning O‘zbekiston orqali tranzit yo‘li bilan evakuatsiya qilinishida ko‘rsatilgan katta yordam uchun yana bir bor tashakkur izhor etdi. Birgalikdagi insonparvarlik operatsiyalarini amalga oshirish uchun yaqin aloqalarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.

    O‘zbekiston va Germaniya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti o‘zaro anglashuv ruhida va do‘stona muhitda o‘tdi.