Qayd etilishicha, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining 53-maqsadiga muvofiq, 2030-yilga qadar aviaqatnovlar hajmini toʻrt barobarga oshirish belgilangan. Mazkur maqsadga erishish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida Transport vazirligi delegatsiyasining navbatdagi uchrashuvi Indoneziyaning Jakarta shahrida boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Indoneziya Respublikasi aviatsiya hukumatlari oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, xususan, havo qatnovlari yoʻnalishini kengaytirish masalalari muhokama etildi. Muzokaralarda ikki mamlakat Transport vazirliklari va Tashqi ishlar vazirliklari vakillari, shuningdek, Oʻzbekistonning Indoneziyadagi elchisi O.Eshonov, “Garuda Indonesia”, “Air Asia”, “Batik Air” kabi aviakompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi:
- Havo qatnovi toʻgʻrisidagi ikki tomonlama bitimdagi aviakompaniyalar soni hamda parvoz manzillariga qoʻyilgan cheklovlarni bekor qilish;
- Muntazam aviaqatnovlarni qayta tiklash va parvozlar geografiyasini kengaytirish;
- Tayinlangan aviakompaniyalarga tegishli huquqlarni taqdim etish;
- Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan “Ziyorat turizmi” va fuqaro aviatsiyasi sohasidagi islohotlar haqida maʼlumot berish;
- “Umra Plus” dasturini amalga oshirish va Oʻzbekiston aeroportlari orqali Indoneziya turizm shaharlariga turistlarni tashishni yoʻlga qoʻyish.
Muzokaralar yakunida aviatsiya hukumatlari oʻrtasida quyidagi kelishuvlarga erishildi:
- Havo qatnovi toʻgʻrisidagi ikki tomonlama bitimdagi aviakompaniyalar soniga doir cheklovlarni bekor qilish va ushbu shartni vakolatli organlar imzolagan kelishuv asosida kuchga kiritish.
- Bitimga kiritiladigan oʻzgarishlarni mamlakat ichidagi kelishuvlar yoki diplomatik notalar almashinuvi orqali qabul qilish, bu jarayon tugagunga qadar parvozlarni yangi kelishuv doirasida amalga oshirish.
- Oʻzbekiston tayinlagan aviakompaniyalar uchun Jakartadan tashqari Denpasar, Surabaya, Medan, Yogyakarta, Majalengka, Banda Asex, Tandjung Pandan, Lombok va istalgan yana ikki shaharga parvoz qilish huquqini berish.
- Indoneziya tayinlagan aviakompaniyalar uchun Oʻzbekistonning barcha xalqaro aeroportlariga parvoz qilish huquqini berish.
- 1995-yilda imzolangan “Kelishuv” shartlariga koʻra haftasiga uch marta belgilangan aviaqatnovlar sonini yangi kelishuv asosida har bir tomon uchun 28 tagacha oshirish (jami 56 ta), ularning yarmi yoʻlovchi, qolgan yarmi yuk tashish uchun belgilanadi.
- Barcha aviakompaniyalarga havo kemasi yoki yuk/yoʻlovchi sigʻimi boʻyicha cheklovlarsiz parvoz qilishga ruxsat berish.
- 1995-yildagi kelishuvni bekor qilish va yangi shartlar asosida barcha parvozlarni amalga oshirish.
- Denpasar yoʻnalishidagi parvozlarning 50 foizini Code Share asosida amalga oshirish.
- Yuk tashish uchun uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi darajali havo erkinliklarini berilishini taʼminlash.
- Keyinchalik aviaqatnovlar hajmini oshirish va qoʻshimcha aviakompaniyalarni tayinlash masalalarini oʻzaro xat almashinuvi orqali hal etish.
Ushbu kelishuvlar kelgusida ikki davlat oʻrtasida havo qatnovlarini kengaytirish, “Umra Plus” dasturini amalga oshirish orqali ziyorat turizmini rivojlantirish, yuk va yoʻlovchi tashish hajmini oshirish, shuningdek, turistlar va tadbirkorlar harakatini erkinlashtirishga xizmat qiladi.
Maʼlumot oʻrnida: Bugungi kunda Oʻzbekistonning “Qanot Sharq” aviakompaniyasi “Asialux Travel” turizm kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent – Denpasar (Bali) yoʻnalishida mavsumiy charter reyslarini amalga oshirib kelmoqda.
Hozirda Oʻzbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi tomonidan mamlakat turizm salohiyatini keng targʻib qilish va xorijiy sayyohlar talabini oshirish maqsadida Indoneziya bozorida faol ishlar olib borilmoqda.








