Oʻzbekiston va Ispaniya oʻrtasida investitsiyaviy va sanoat hamkorligi faollashadi

    Biznes 1 Mart 2023 786

    Joriy yil 1-martda “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo hamda Ispaniya Sanoat, savdo va turizm vazirliklari hamkorligida tashkil etilgan Oʻzbekiston-Ispaniya biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

    Forumda Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari Oybek Xamrayev, Ispaniya sanoat, savdo va turizm vazirining oʻrinbosari Shiana Mendez, ikki mamlakat vazirliklari, idoralari va 100 dan ortiq yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

    Tadbirda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan valyuta bozorini liberallashtirish, soliqlar sonini qisqartirish, erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish, Taraqqiyot strategiyasini qabul qilish, maʼmuriy islohotlarni oʻtkazish, xususiy mulkni himoya qilish, sanoat siyosatini yurgizish, tadbirkorlikni rivojlantirish va boshqa islohotlar samaradorligi taʼkidlandi.

    Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ Preferensiyalar tizimi benefitsiari maqomini oldi va JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha faol harakat qilyapti. Olib borilayotgan saʼy-harakatlar tufayli investitsiyaviy muhit yaxshilanib, tashqi savdo hajmi oshib boryapti.

    GSP+ benefitsiar maqomi tufayli 2022-yilda Oʻzbekiston mahsulotlarining Yevropa Ittifoqi bozoriga eksporti 50 foizga, Ispaniya bozoriga esa qariyb 2,5 barobarga oshdi.

    Tadbir davomida Oʻzbekiston tomoni iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida ikki tomonlama sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun ikki mamlakatning raqobatbardosh ustuvorliklaridan foydalanishni kuchaytirish boʻyicha tashabbuslar bilan chiqdi.

    Eng istiqbollilari - avtomobilsozlik va butlovchi qismlar ishlab chiqarish, farmatsevtika, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi, aholiga xizmat koʻrsatish va infratuzilmani rivojlantirish yoʻnalishlaridir.

    Forum doirasida delegatsiyalar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tomonlar diqqat markazida savdo, investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha navbatdagi qoʻshma qadamlar boʻldi.

    Muzokaralar davomida farmatsevtika, toʻqimachilik, rangli metallar, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, elektr jihozlarini oʻzaro yetkazib berish hajmini oshirish, savdo uylari ochish, “Made in Uzbekistan” va “Made in Spain” qoʻshma

    biznes-forumlari va koʻrgazmalarini oʻtkazish orqali foydalanilmayotgan resurs va imkoniyatlarni safarbar etishga kelishib olindi.

    Forum yakunlari boʻyicha Oʻzbekistonning turli hududlarida suv xoʻjaligi va suv tozalash inshootlarini qurish sohasida, shuningdek, ipakchilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirishga yangi yondashuv va texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qator

    kelishuvlar imzolandi. Bundan tashqari, biznes-forum dasturi doirasida B2B muzokaralari ham oʻtkazildi.

    Kunning ikkinchi yarmida Oʻzbekiston Respublikasi va Ispaniya Qirolligi oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyasining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbir yakunlari boʻyicha ikki tomonlama tovar ayirboshlashni kengaytirish,

    savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, oʻzaro koʻrgazma va yarmarkalar tashkil etish, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalar ochish doirasida kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan choralarni qamrab olgan

    “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.