O‘zbekiston va Ispaniya parlamentlararo hamkorlik guruhining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

    Joriy yil 1-dekabrda O‘zbekiston va Ispaniya parlamentlararo guruhining onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

    Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, strategik sheriklikni chuqurlashtirish va parlamentlararo muloqotni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama etildi.

    Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik faollashib borayotganligi, infratuzilma, sanoat va innovatsiya yo‘nalishlarida hamkorlikda 800 million dollar miqdorida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilyapti.

    Shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida 32 ta qo‘shma loyiha amalga oshirilayotganligi, o‘tgan yili Ispaniyadan O‘zbekistonga 23,6 ming sayyoh tashrif buyurgani alohida ta’kidlandi.

    Parlamentlararo muloqot o‘zbek-ispan munosabatlarining muhim asosi ekanligi qayd etildi hamda dolzarb takliflar ilgari surildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Ikki mamlakat parlamentlari tegishli qo‘mitalari va komissiyalari delegatsiyalari ishtirokida qonunchilik sohasida muntazam fikr va tajriba almashish amaliyotini joriy etish, parlamentlararo hamkorlikning qo‘shma rejalarini ishlab chiqish, Yoshlar parlamentini rivojlantirish bo‘yicha tajriba o‘rganish, qishloq xo‘jaligi, suvni tejovchi texnologiyalardan foydalanishda hamkorlik olib borish shular jumlasidandir.