Unda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikning hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollari haqida konstruktiv fikr almashildi.

Tomonlar qoʻshma investitsiya loyihalari sonini koʻpaytirish, shuningdek, oʻzaro savdo hajmini oshirish va mahsulotlar turlarini diversifikatsiya qilish boʻyicha qoʻshma ishlarni jadallashtirishga tayyor ekanliklarini qayd etdilar. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekistonning ustuvor tarmoqlari va ijtimoiy sohaga Isroilning investitsiyalari hamda ilgʻor texnologiyalarini jalb etishning istiqbolli mexanizmlari koʻrib chiqildi.

Z.Hillel qishloq xoʻjaligi, suvni tejash texnologiyalari yoʻnalishi, axborot-kommunikatsiya va sogʻliqni saqlash sohalari boʻyicha Isroil biznes vakillarida investitsiyaviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga jiddiy qiziqish borligini maʼlum qildi.

Ekologiya, veterinariya, chorvachilik, oʻrmon xoʻjaligi va bogʻdorchilik tarmoqlarida ham munosabatlarni yoʻlga qoʻyish istiqbollari yuqori baholandi. Ayni jihatdan kelib chiqib, yaqin kelajakda Isroil Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “MASHAV” Xalqaro hamkorlik agentligi bilan hamkorlik bitimini imzolash va uning koʻmagida oʻzbekistonlik davlat xizmatchilarining yuqorida nomlari keltirilgan sohalarda malaka oshirishiga qaratilgan qator oʻquv — seminarlari va oʻquv mashgʻulotlari tashkil etish borasida dastlabki kelishuvga erishildi.

Shuningdek, 2021-yilda Tel-Aviv shahrida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Isroil Hukumatlararo komissiyasi (HK)ning birinchi yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish jarayoni muhokama qilindi. Tomonlar HK doirasida ikki mamlakat ishbilarmonlari ishtirokida keng qamrovli biznes-forumni tashkil etish va yaqin kelajakda rejalashtirilgan tadbirlar muddatlari hamda kun tartibi boʻyicha takliflar almashishga kelishib oldi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha aniq investitsiya loyihalari va oʻzaro manfaatli savdo bitimlari bilan ikki tomonlama hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini boyitish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va TIV hamda Isroil Davlatining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi oʻrtasida yaqin hamkorlik oʻrnatish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.