Suhbat siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning eng dolzarb masalalarini muhokama qilish imkonini berdi.

Hamkorlikning koʻplab sohalarida ishga solinmagan imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Shu munosabat bilan tomonlar oʻzaro munosabatlarni rivojlantirish mexanizmlarini ishlab chiqib, yaqin va oʻrta muddatli istiqbolda aniq vazifalarni belgilab oldilar.

Xususan, Kanada moliya va sanoat kompaniyalarini Oʻzbekistonga investitsiyalar kiritish va loyihalarni amalga oshirish uchun jalb etish chora-tadbirlari koʻrib chiqildi. Oʻzbekistonning togʻ – kon, kimyo, neft-kimyo va toʻqimachilik sanoati, shuningdek qishloq xoʻjaligi kabi sohalari Kanada biznesi uchun istiqbolli yoʻnalishlardir.

Oʻzaro savdoni rivojlantirishga ham eʼtibor qaratildi. 2021-yilda Oʻzbekiston-Kanada tovar aylanmasi 40 foizga oshgani taʼkidlandi va shu munosabat bilan tomonlar oʻzaro yetkazib berishni diversifikatsiya qilish va koʻpaytirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqishga kelishib oldi.

Shu nuqtayi nazardan, joriy yilda Oʻzbekiston-Kanada biznes-forumini, shuningdek, ikkala mamlakatda “Made in Uzbekistan” va “Made in Canada” sanoat koʻrgazmalarini oʻtkazish istiqbollari muhokama qilindi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayoni, Kanada tomonining BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast jamgʻarmasi doirasidagi loyiha va dasturlarni amalga oshirishdagi ishtiroki, ikki mamlakat hududlari, xususan, Toshkent viloyati va Ontario provinsiyasi, Navoiy viloyati va Kvebek provinsiyasi, shuningdek, Qashqadaryo viloyati va Alberta provinsiyasi oʻrtasidagi yaqin aloqalar va manfaatli hamkorlikni oʻrnatish masalalari muhokama qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.