Yigʻilishga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev va Koreya Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Chxu Kyung Xo hamraislik qildi.

Suhbat chogʻida kun tartibidagi asosiy masalalar, jumladan, joriy qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va ikki tomonlama koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.

Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmlarining oʻsishida va Koreya investitsiyalarini jalb etishda barqaror ijobiy tendensiya kuzatilayotgani qayd etildi. Xususan, 2023-yil boshidan buyon Oʻzbekistonning Koreyaga eksporti oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga koʻpaygan, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga jalb etilgan toʻgʻridan-toʻgʻri Koreya investitsiyalarining umumiy hajmi esa 7 milliard dollardan oshdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnik hamkorlikni, shuningdek, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda munosabatlarni yanada mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishga qatʼiy sodiqliklarini bildirdilar.

Moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish muhimligi alohida taʼkidlandi. Xususan, EDCF Jamgʻarmasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan Farmatsevtika va Tibbiyot klasterlarini yaratish kabi loyihalarning bugungi holati koʻrib chiqildi. Tegishli qoʻshma “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Bundan tashqari, Koreyaning KOICA xalqaro hamkorlik agentligi bilan birgalikda olib borilgan ishlar samaradorligi qayd etildi. Agentlik koʻmagida Oʻzbekistonda umumiy qiymati 141 million dollarlik 33 ta loyiha amalga oshirilgan va oʻzbekistonlik mutaxassislar uchun Koreyada 2 mingdan ortiq malaka oshirish kurslari tashkil etilgan, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Tomonlar kun tartibidagi boshqa masalalarni ham muhokama qildilar.