Uchrashuv chogʻida ikki tomonlama kun tartibining dolzarb masalalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil dekabr oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarning ijrosi muhokama etildi.

Koreya delegatsiyasi tomonidan hamkorlikning asosiy yoʻnalishlariga, xususan, 2017-yilda Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje In Koreya Respublikasining shimolidagi davlatlar bilan iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida taklif etgan “Yangi Shimoliy siyosati” doirasida koʻp tomonlama sheriklikni kengaytirish boʻyicha hamkorlik qilishga qiziqish bildirildi.

Oʻzbekiston tomoni joriy yilda “Yangi Shimoliy siyosat” doirasida Koreya Eksimbanki bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, KOICA orqali grant mablagʻlarini jalb qilish hamda Koreya Respublikasi hukumatining begʻaraz yordami, shuningdek, Oʻzbekistonda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish dasturini kengaytirish orqali Koreya Respublikasi bilan koʻp tomonlama va strategik sheriklikni chuqurlashtirishga tayyorligini taʼkidladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.