Tadbirda Latviya va Oʻzbekiston ishbilarmon doiralarining 100 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, unda Oʻzbekiston tomonidan qator vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari qatnashdi.
Forumning ochilish marosimida delegatsiyalar rahbarlari — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Latviya Respublikasi tashqi ishlar vaziri E.Rinkevichs soʻzga chiqdi.
Ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari istiqbolli tarmoqlarda oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, oʻzaro savdo hajmini oshirishni nazarda tutgan holda Latviya va Oʻzbekiston tadbirkorlari va investorlarini amaliy hamkorlikka jalb etish uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ikki mamlakat hamkorligini faollashtirishga sodiqligini taʼkidladilar.
Oʻzbekiston xususiy sektorning mamlakat iqtisodiyotidagi rolini oshirishga katta eʼtibor qaratayotgani, shu munosabat bilan investitsiyaviy iqlim va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznesga soliq yukini kamaytirish, xususiy mulk va chet el kapitalini huquqiy himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlash, shuningdek, ularning jadal va mutanosib rivojlanishini taʼminlash maqsadida mamlakatimiz har bir hududining tuman va shaharlarida ishga solinmagan yangi iqtisodiy zaxiralarni aniqlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlar faol ishlab chiqilib, amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Ikki mamlakat tadbirkorlari oʻrtasida ishbilarmonlik hamkorligini yoʻlga qoʻyishning ustuvor yoʻnalishlari sanab oʻtildi. Ular orasida toʻqimachilik va elektrotexnika sanoati, farmatsevtika, biotibbiyot, IT yoʻnalishi va boshqa sohalar mavjud. Tegishli vazirliklar va tarmoq birlashmalari rahbarlari oʻz taqdimotlarida har bir sohaning investitsiyaviy, sanoat va savdo salohiyatini batafsil ochib berdilar, shuningdek xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va xorijiy kapital ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishning mavjud mexanizmlari haqida soʻzlab berdilar. Shuningdek, forum ishtirokchilariga latviyalik investorlar va tadbirkorlar bilan kelgusida roʻyobga chiqarish uchun manzilli tarzda ishlab chiqilgan istiqbolli loyihaviy takliflar taqdim etildi.
Tadbir yakunida ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari ishbilarmon doiralarni ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikning yangi “oʻsish nuqtalari” ustida birgalikda faol ish olib borishga va konstruktiv muloqot oʻrnatishga chaqirdi.
Forum yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston-Latviya Ishbilarmonlar kengashi ikkinchi yigʻilishining Bayonnomasi hamda “IT-Park” (Oʻzbekiston) va Latviyaning “ShipleArt” kompaniyasi oʻrtasida Oʻzbekistonda startap loyihalarini amalga oshirish uchun moliyalashtirishni jalb qilishni nazarda tutuvchi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsiyalarni rivojlantirish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.