Malayziya Janubi-Sharqiy Osiyodagi yetakchi davlat boʻlib, Oʻzbekistonning ishonchli hamkori hisoblanadi. Malayziya Oʻzbekiston mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan oldi va diplomatik munosabatlar oʻrnatdi. Bu yil mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlamoqda.
Aytish lozimki, mushtarak anʼanalar va qadriyatlar mamlakatlarimizni doʻstona aloqalarini birlashtirib turadi. Xususan, ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy, savdo-investitsiyaviy, madaniy-gumanitar aloqalar muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.
2017-yilda Malayziya fuqarolari uchun viza talabi bekor qilinganidan keyin mamlakatimizga malayziyalik sayyohlar soni keskin oshgan. Pandemiyagacha Oʻzbekistonga 3500 dan ortiq Malayziya fuqarosi, Malayziyaga esa Oʻzbekistondan har yili 12 mingdan ortiq sayyoh tashrif buyurgan. Poytaxtimizda “Osmon Aero” sayyohlik kompaniyasi tomonidan Malayziyaga charter aviareyslarini tashkil etilishi boʻyicha taqdimot marosimi oʻtkazildi. Unda ishtirok etgan Malayziyaning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hendi Assan bu saʼy-harakat ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.
Tadbirda qayd etilganidek, Oʻzbekiston va Malayziya musulmonlar uchun qulaylik darajasi boʻyicha jaxon turizm reytingida yetakchi oʻrinlarni egallaydi. 2022-yilgi Global Muslim Travel Indeks reytingida Islom hamkorlik tashkiloti mamlakatlari orasida Malayziya birinchi oʻrinni egalladi. Soʻnggi vaqtlarda sohada sezilarli yutuqlarga erishayotgan Oʻzbekiston reytingdagi mavqeini yaxshilab, dunyoda toʻqqizinchi, Islom hamkorlik tashkiloti mamlakatlari mamlakatlari orasida Misr, Ummon, Quvayt, Marokash, Livan kabi davlatlarni ortda qoldirib, oltinchi oʻrinni egalladi.
Taqdimotda “Osmon Aero” sayyohlik kompaniyasi tomonidan charter aviareyslar 9-iyuldan boshlab xar 10 kunda bir marotaba Toshkent-Kuala-Lumpur-Toshkent yoʻnalishida amalga oshirilishi maʼlum qilindi.
Abduvohid OCHILOV