Uchrashuv siyosat, savdo, investitsiya, transport va madaniy-gumanitar hamkorlik sohasidagi Oʻzbekiston — Misr munosabatlarining bugungi holati, shuningdek, ularni yana-da kengaytirish boʻyicha hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini atroflicha muhokama qilishga bagʻishlandi.
Ikki mamlakat iqtisodiyoti investitsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlik koʻlamini bir necha barobar oshirish uchun barcha zarur shart-sharoit hamda resurslarga ega ekanligi taʼkidlandi. Xususan, ikki davlat turli tarmoqlarining raqobatdosh ustunliklarini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston va Misr ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston va Misr ishbilarmon doiralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni roʻyobga chiqarish orqali ikki mamlakat oʻrtasida ishbilarmonlik sherikligini birgalikda ragʻbatlantirishning muhimligi qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, har ikki mamlakatda savdo uylari va biznesni qoʻllab-quvvatlash markazlarini ochish taklifi koʻrib chiqildi.
Muloqotda, shuningdek, idoralararo darajada tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi va shu munosabat bilan yaqin kelajakda Misr Arab Respublikasi Xalqaro hamkorlik vazirligi va Investitsiyalar va erkin zonalari Bosh agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbar va ekspertlari oʻrtasida yaqin aloqalarni oʻrnatish va oʻrta hamda uzoq muddatli ustuvor vazifalarni aniqlash maqsadida bir qator uchrashuvlar va videokonferensiyalar oʻtkazishga kelishib olindi.
Tomonlar Oʻzbekiston savdo-sanoat palatasi va Misr Savdo palatalari federatsiyasi hamda ikki mamlakat xususiy sektor kompaniyalari ishtirokida Oʻzbekiston — Misr ishbilarmonlar kengashini tuzish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni boshlashga alohida tartibda kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Toshkentda savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston — Misr hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Uning doirasida “G2B” va “B2B” shaklida qoʻshma biznes-forum va bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Tomonlar, shuningdek, kelishilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun aniq amaliy chora-tadbirlar, muddatlari va har ikki tarafning masʼul shaxslarini koʻrsatgan holda qoʻshma “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.