O‘zbekiston va Misr qishloq xo‘jaligi idoralari ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

    Kecha O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Misr Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya vazirligi ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

    Onlayn tarzda bo‘lib o‘tgan ushbu tadbirda O‘zbekiston tomonidan qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rinbosari Alisher To‘rayev, Misr tomonidan – vazir maslahatchisi Saad Nasr boshchiligidagi guruhlar vakillari ishtirok etdi.

    Tomonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi, o‘simliklar karantini, veterinariya, paxtachilik, urug‘chilik bo‘yicha ilmiy izlanishlar va tadqiqotlar olib borish masalalarini muhokama qildi.

    Misr tomoni O‘zbekistonda yetishtirilgan uzum va gilos mahsulotlari uchun mamlakat bozorini ochish jarayonlari yakunlanganini maʼlum qildi. Qayd etilishicha, tegishli ruxsatnoma O‘zbekiston tomoniga yaqin kunlarda taqdim etiladi. Shuningdek, anor, olma, olxo‘ri va boshqa mevalarning texnik maʼlumotlari ko‘rib chiqilmoqda.

    Yig‘ilishda paxtachilik, urug‘chilik va veterinariya yo‘nalishlarida O‘zbekiston hamda Misr mutaxassislarining boy tajribasi eʼtirof etildi. Shu bois tomonlar bilim va ko‘nikmalar almashuvini yo‘lga qo‘yish, tadqiqot va izlanishlar olib borish ikki davlat manfaatlariga xizmat qilishini tasdiqladi.

    Tadbir natijasida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda Misr qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, treninglar, o‘quv kurslari, konferensiya va forumlar tashkil etishga kelishib olindi.

    Bundan tashqari, ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasida yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishish maqsadida o‘zaro safarlarni tashkil etish, paxta va bug‘doy strategik mahsulotlarining yangi navlarini birgalikda yaratish to‘g‘risida ham bir to‘xtamga kelindi.