Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Misrning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazdi, ularda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

Xususan, , ElAraby Group bosh direktori Muhamed Mahmud El-Arabi bilan maishiy texnika ishlab chiqarishni tashkil etish istiqbollari muhokama etildi (kompaniya Sony, Toshiba, Sharp, Hitachi va NEC Yaponiya brendlari ostida 1 000 dan ortiq turdagi maishiy texnika ishlab chiqaradigan 26 zavodga ega. Eksport geografiyasi dunyoning 60 ta davlatini qamrab oladi. Aktivlar — 6 milliard dollar). Muzokaralar natijasida maishiy texnika ishlab chiqarish loyihasini ishlab chiqishni boshlash boʻyicha kelishuvga erishildi.

Orascom Investment Holding prezidenti Amjad Sabri bilan uchrashuvda geologiya, turizm va qishloq xoʻjaligi sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi (Misrning eng yirik investitsiya kompaniyasi. Infratuzilmaviy loyihalarni qurish va shakar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya 12 mamlakatda 35 ta mehmonxonaga egalik qiladi. Aktivlari — 10 milliard dollar.). Togʻ-kon va oziq-ovqat sanoatlari loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, mehmonxona majmualarini qurish boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzish masalasi kelishib olindi.

Orascom Construction kompaniyasi bilan muzokaralar tashrifning ikkinchi kunida davom etdi (kompaniya anʼanaviy va qayta tiklanadigan elektr energiyasi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, suv resurslarini qayta ishlash va boshqarish sohalarida 70 yillik tajribaga ega). Bu safar ushbu kompaniya prezidenti Omar Bebars bilan avval erishilgan kelishuvlardan tashqari yangi loyihaviy tashabbuslar muhokama etildi. Shu tariqa, Misr tomoni Oʻzbekistonda keyinchalik uning hududida lak-boʻyoq hamda qurilish materiallari uchun kimyoviy moddalar ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirgan holda sanoat parkini tashkil etish, shuningdek, yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun sanoat korxonalari – kompaniya hamkorlarini jalb etishga qiziqishini bildirdi.

Poliserve kompaniyasi (kimyoviy oʻgʻitlar ishlab chiqaruvchisi va Afrika mamlakatlariga eng yirik yetkazib beruvchi hisoblanadi) raisi Sherif Mustafo El-Gabali bilan uchrashuvda kimyo sanoati sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Tomonlar kompaniyaning Oʻzbekistonda yirik loyihalarni amalga oshirishdagi ishtiroki istiqbollarini tahlil qildilar.

ACDIMA kompaniyasi (Misrdagi eng yirik farmatsevtika ishlab chiqaruvchisi. 1 000 dan ortiq turdagi farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaradi. Eksport geografiyasi dunyoning 60 mamlakatini oʻz ichiga oladi) raisi Olfat Gʻorab bilan farmatsevtika sanoatida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish imkoniyatlari muhokama etildi. “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri hududida dori vositalari ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Cottonil kompaniyasi (kompaniya Misrning eng yirik tekstili, ichki kiyim va paypoq ishlab chiqaruvchisi. Zara, Calvin Klein, Hugo Boss va boshqa xalqaro brendlar uchun mahsulotlar ishlab chiqaradi) bosh direktori Meram Gabr bilan toʻqimachilik sanoatida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama etildi. Oʻzbekistonning investitsiyaviy salohiyati taqdim etilishi va sanoat kooperatsiyasi imkoniyatlarini muhokama qilinishi yakunlari boʻyicha Qashqadaryo viloyatida tayyor toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihani tashkil etish masalasi kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.