O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladilar

    Hukumat 1 Mart 2023 5046

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Boku shahriga kelgach, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Ozarbayjon yetakchisi ertaga, 2 mart kuni mamlakat poytaxtida bo‘lib o‘tadigan Qo‘shilmaslik harakati sammitini qo‘llab-quvvatlagani va unda shaxsan ishtirok etayotgani uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildirdi.

    Shavkat Mirziyoyev, o‘z navbatida, Ozarbayjon ushbu tuzilmaga samarali raislik qilayotganini alohida ta’kidladi.

    Prezidentlar oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini batafsil ko‘rib chiqdilar. Tizimli va samarali muloqotlar tufayli O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilgani, amaliy mazmun bilan boyigani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

    O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 50 foizdan ziyodga oshdi. Avtomobilsozlik, to‘qimachilik sanoati va ipakchilik kabi ustuvor tarmoqlardagi kooperatsiya loyihalari faol pallaga kirdi. Neft-gaz, transport va logistika sohalarida istiqbolli loyihalar tayyorlanmoqda.

    Joriy yilning fevral oyida Toshkent shahrida o‘tgan birinchi Hududlar forumi doirasida qo‘shma Investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi.

    Mamlakatlarimiz erkin iqtisodiy zonalarni va soliq ma’muriyatchiligi tizimini rivojlantirish borasida o‘zaro tajriba almashishdan manfaatdorligi ta’kidlandi.

    Madaniy-gumanitar almashinuvni yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi.

    Davlat rahbarlari dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qilib, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.

    Uchrashuv har doimgidek ochiq, samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi.