Uchrashuv chogʻida investitsiyalar, savdo, transport va logistika sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning keng koʻlamli kun tartibi muhokama qilindi.
Investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi sohasi munosabatlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida koʻrib chiqildi. Taʼkidlandiki, hozirgi kunda Oʻzbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 238 ta, Ozarbayjonda esa 53 ta Oʻzbekiston kompaniyasi faoliyat koʻrsatmoqda.
Ikki mamlakat hududlarida qoʻshma korxonalarni muvaffaqiyatli tashkil qilish boʻyicha toʻplangan tajriba asosida toʻqimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika, oziq-ovqat, kimyo va ipakchilik, avtomobilsozlik va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida qoʻshma investitsiya loyihalari sonini koʻpaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi taʼkidlandi.
Oʻzaro savdoni rivojlantirishning ijobiy tendensiyalari qayd etildi. Xususan, 2021-yilda Oʻzbekiston-Ozarbayjon savdo aylanmasining hajmi 40 foizdan oshdi hamda joriy yilning yanvar – iyun oylarida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2 baravar koʻpaydi. Neft-kimyo, kimyo va elektrotexnika mahsulotlari, qora va rangli metall buyumlar, oziq-ovqat mahsulotlari, asbob-uskunalar va toʻqimachilik mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi. Tomonlar yaqin kelajakda oʻzaro savdo hajmini oshirish maqsadida birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Transport va logistika sohasida ham birgalikda salmoqli natijalarga erishildi. Joriy yil oxiriga qadar Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida yuk tashish hajmining oʻsishi 40 foizga oʻsishi kutilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, ikki davlatni bogʻlaydigan logistika yoʻnalishlarini kengaytirish, oʻzaro va tranzit yuk tashishni koʻpaytirish boʻyicha hamkorlik yoʻllari koʻrib chiqildi.
Tomonlar ikki mamlakat hududlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatishga ham eʼtibor qaratdilar. Hududlararo hamkorlik toʻgʻrisidagi Hukumatlararo bitimni imzolash istiqbollari qayd etildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni ilgari surish hamda ikki tomonlama munosabatlarning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish maqsadida hamkorlikni yanada kengaytirishga sodiqliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.