Ikki davlat yetakchilari butun musulmon ummati uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon hayiti – Iyd al-Fitr va qutlug‘ Navro‘zi olam bayramlari munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutladilar. Do‘st O‘zbekiston va Pokiston xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va davomiy ravnaq tilaklari izhor etildi.

O‘zbekiston Prezidentining joriy yil fevral oyida Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yangi sifat bosqichiga ko‘targani alohida ta’kidlandi.

Oliy darajadagi tashrifdan keyin vazirliklar, idoralar va hududlar darajasidagi muloqotlar yanada faollashgani, o‘zaro almashinuvlar aniq natijalar bilan boyib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shuningdek, tomonlar sermahsul suhbat davomida so‘nggi vaqtlarda Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq mintaqasidagi keskinlikdan jiddiy tashvish bildirgan holda, har qanday ziddiyat va muammoni faqat tinch va diplomatik vositalar orqali hal etish zarurligiga urg‘u berdilar.