Yigʻilish kun tartibiga savdo-iqtisodiy, investitsiyalar, transport va logistika sohasidagi hamkorlik, oziq-ovqat xavfsizligi, taʼlim, innovatsiyalar, ilm-fan, axborot texnologiyalari, turizm va hududlararo aloqalar yoʻnalishidagi munosabatlar kabi keng koʻlamli masalalar kiritildi.
Tadbir oʻzaro hamkorlikning turli yoʻnalishlarida mavjud masalalarni har tomonlama muhokama qilish uchun oʻziga xos maydon vazifasini bajarib, oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirishning istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlash hamda ularning har biri boʻyicha amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasida keyingi qadamlarni belgilash imkonini berdi.
Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim yuzasidan kelishish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Hujjat imzolanganidan keyin uni amalga oshirish uchun qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish boʻyicha yakdil fikrga kelindi. Shuningdek, yaqin kelajakda Oʻzbekiston-Pokiston tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadida oʻzaro savdoning mavjud salohiyatidan foydalanish boʻyicha faol ish olib borishga kelishildi.
Ikki mamlakat tadbirkorlari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish chora-tadbirlari koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasida 2022-yilga moʻljallangan sanoat kooperatsiyasi dasturini birgalikda ishlab chiqishga oʻzaro tayyorlik bildirildi. Unga qishloq xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, yengil, farmatsevtika va elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda aniq loyihalar, shuningdek, ushbu loyihalarning tashabbuskorlari va amalga oshirish muddatlari haqida maʼlumotlar kiritiladi. Shu maqsadda Oʻzbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan Pokiston Savdo vazirligi oʻrtasida qoʻshma loyiha ofisini tashkil qilish taklif etildi. Shuningdek, tomonlar turli sohalardagi yutuqlarni namoyish etish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga ikki mamlakat tadbirkorlarini jalb qilish maqsadida Oʻzbekiston va Pokistonda muntazam ravishda sanoat tarmoq koʻrgazmalarini oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar.
Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ham ustuvor ahamiyat berildi. “Termiz – Mozori-Sharif — Kobul – Peshavor” trans–afgʻon temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish, toʻgʻridan – toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish hamda qoʻshma infratuzilmaviy loyihalarni hayotga tatbiq etish boʻyicha navbatdagi tadbirlar ishlab chiqildi. Belgilangan vazifalarni hal qilishda tizimli yondashuvni amalga oshirish uchun HK doirasida transport va logistika boʻyicha alohida kichik komissiya tuzishga qaror qilindi.
Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, tomonlar ushbu sohadagi mavjud shartnomalarni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha yechimlar ishlab chiqdilar, shuningdek yaqin kelajakda alohida hamkorlik dasturini shakllantirishga kelishib oldilar.
Shuningdek, tadbir doirasida ikki mamlakatning oliy oʻquv yurtlari, texnoparklar, ilmiy markazlari, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va biznes-inkubatorlari oʻrtasida aloqalarni oʻrnatish, ikki tomonlama turizmni rivojlantirish hamda hududiy oʻsish, raqamli iqtisodiyot, arxitektura, urbanizatsiya va infratuzilmaviy rivojlanish sohalarida tajriba almashishni nazarda tutgan holda hududlararo hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.