Uchrashuv investitsiyalar, sanoat, savdo, transport va logistika sohasidagi Oʻzbekiston-Pokiston hamkorligining keng koʻlamli masalalarini atroflicha muhokama qilish va kelishish, kelgusidagi hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish va yaqin istiqboldagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilash imkonini berdi.
Ikki mamlakat vazirliklari, idoralari va tarmoq birlashmalari rahbarlari iqtisodiy sheriklikni yanada kengaytirish uchun foydalanilmagan ulkan salohiyatni qayd etib, qoʻshma investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar sonini koʻpaytirish, ikki tomonlama savdo hajmini oshirish va ikki davlat oʻrtasida transport aloqalarini mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini taʼkidladilar. Kimyo, toʻqimachilik, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoatida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, mavjud savdo toʻsiqlarini izchil bartaraf etish va hududlararo munosabatlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha ikki tomonlama hamkorlikning aniq algoritmlari taklif etildi.
Uchrashuv chogʻida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Pokiston hukumatlararo komissiyasining boʻlajak yigʻilishining kun tartibi ham muhokama qilindi. Tadbir ishtirokchilari hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha fikr almashdilar hamda qoʻshma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha qator takliflarni ilgari surdilar. Komissiyaning kelgusidagi yigʻilishini amaliy mazmun bilan toʻldirish maqsadida vazirlik va idoralar kesimida hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.