Uchrashuv chogʻida tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklikning yuksak darajasini taʼkidlab, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash maqsadida hamkorlikni mustahkamlash doirasida birgalikdagi harakatlarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shu nuqtayi nazardan, xalqaro terrorizm, ekstremizmga qarshi kurashish va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash borasidagi Oʻzbekiston-Pokiston hamkorligining muhim jihatlari koʻrib chiqildi.

Muzokaralar kun tartibiga iqtisodiy sheriklikning bugungi holati ham kiritildi. Oʻzbekiston va Pokistonni bogʻlaydigan transport yoʻlaklarini rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, transport-kommunikatsiya sohasidagi amaliy hamkorlik ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bu yoʻnalishda birgalikda olib borilgan natijador ishlar ikki mamlakat iqtisodiyotining oʻzaro bogʻliqligiga ijobiy taʼsir koʻrsatuvchi asosiy omil boʻlishi mumkinligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.