Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Tokioga qoʻshma aviareys yoʻlga qoʻymoqchi

    O'zbekiston va Qirg'iziston turizm idoralari bir necha yo'nalishda hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha qo'shma loyihalarni muhokama qildi.

    Bu masala 14-noyabr kuni Qirgʻiziston Turizmni rivojlantirish jamgʻarmasi prezidenti Abilqosim Sherniyozov Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Jamshid Abdusalomov uchrashuvida koʻrib chiqilgan.

    Jamgʻarma matbuot xizmatining xabar qilishicha, tomonlar Tokio— Toshkent—Bishkek qoʻshma aviareyslarini yoʻlga qoʻyish imkoniyatini muhokama qildi. Biroq xabarda bu yoʻnalishdagi rejalar tafsilotlari keltirilmagan.

    Oʻshdan ikki davlat chegarasigacha avtobus yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari ham koʻrib chiqilgan. Qayd etilishicha, bu Samarqandda ishlab chiqarilgan avtobuslarda amalga oshiriladi. Oʻzbekiston ularni lizingga berishga tayyor.

    “Madaniyat” chegara punktini (Andijon chegarasidagi) obodonlashtirish, sayyohlarni roʻyxatga olish muddatini paritet asosda uzaytirish masalasi ham koʻtarilgan.