Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Qasim-Jomart Toqayev Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga imzo chekdilar. Hujjatda qardosh xalqlarimizning hayotiy muhim va uzoq muddatli milliy manfaatlari, koʻp qirrali sheriklik salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish maqsadi oʻz ifodasini topgan.

Marosimda imzolangan yana bir muhim hujjat yaqin 5 yilda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlashni 10 milliardga yetkazish boʻyicha Amaliy harakatlar rejasidir. Unda ikki mamlakat tarmoqlari va hududlari uchun qulay sharoitlar yaratish koʻzda tutilgan.

Davlat rahbarlari huzurida hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi. Bojxona, favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish, fazoviy makonni tadqiq etish va undan tinch maqsadlarda foydalanish sohasiga doir hamda “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitimlar shular jumlasidan. Shuningdek, savdo, investitsiyalar, energetika, transport kommunikatsiyalari, sud-ekspertlik faoliyati, mudofaa, bandlik va fan sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha tegishli hujjatlarga imzo chekildi.

Toshkent va Turkiston viloyatlari, Toshkent va Nur-Sulton shaharlari, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha 2022-2023-yillarga moʻljallangan “yoʻl xarita”lari qabul qilindi.

Umuman, koʻp qirrali Oʻzbekiston-Qozogʻiston hamkorligining deyarli barcha yoʻnalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolandi.