O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘tgan yil noyabr oyida Moskva shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Joriy yil boshidan faol muloqotlar va o‘zaro tashriflar sur’ati oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mart oyi oxirida birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi hamda aprel oyida O‘zbekiston poytaxtida yangi mintaqaviy formatda tashkil etilgan “Innoprom” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida ikki tomonlama tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha ustuvor loyihalar davom ettirilmoqda. Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshdi.
Gumanitar hamkorlikka doir, shu jumladan ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, turizm va sport sohalarida muhim dasturlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini chuqurlashtirish va hududlararo aloqalarning katta salohiyatidan samarali foydalanish muhimligini qayd etdilar.
Mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Ikki mamlakat Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiqlik, ishonch va do‘stonalik ruhida o‘tdi.