Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustin raisligida oʻtgan yigʻilishda Davlatlarimiz rahbarlarining say-harakatlari bilan Oʻzbekiston - Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari aniq amaliy mazmun bilan boyigani alohida taʼkidlandi.
Qayd etilganidek, Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi izchil taminlanmoqda. Vazirlik va idoralar faol muloqot olib borishmoqda, turli darajadagi tashriflar tashkil qilinmoqda, hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlari belgilanmoqda.
Ushbu barcha faol aloqalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Federatsiyasiga boʻlajak davlat tashrifining kun tartibi mazmunini boyitishga xizmat qilmoqda.
Hukumat rahbarlarining malum qilishicha, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda oʻzaro hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.
Pandemiyaga qaramay, yil boshidan oʻzaro savdo surʼatlarining oʻsishi taʼminlangan. Joriy yilning oʻtgan davrida tovar aylanmasi hajmi 15 foizga oshdi.
Ikki mamlakat Prezidentlari tomonidan hukumat rahbarlari zimmasiga yaqin davrda tovar aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Ikki tomonlama savdo hajmining barqaror oʻsishi taʼminlansa, ushbu natijaga erishish mumkin.
Rossiya Oʻzbekistonning yirik sarmoyadorlaridan biridir.
Rossiya kompaniya va banklari mablagʻlari Oʻzbekistonning asosiy tarmoqlari – neft va gaz, kon metallurgiya, energetika, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarga yoʻnaltirilgan.
Oʻzbekistonda Rossiya kapitali ishtirokida 2 mingdan ziyod korxonalar faoliyat olib bormoqda.
Yigʻilishda shuningdek, transport, talim, tibbiyot, tashqi mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni izchil rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Yigʻilish yakunlari yuzasidan oʻzaro hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan 10 dan ortiq hujjatlar imzolandi, deya xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Matbuot xizmati.