Bu haqda Oʻzbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, shu yil 21-22-iyul kunlari Moskva shahrida ikki mamlakat aviatsiya hukumatlari oʻrtasida havo qatnovlarini rivojlantirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi.
Mazkur tadbirda ikki davlat Transport vazirliklari delegatsiyalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi.
Muzokaralar chogʻida bugungi kunda amaldagi aviaqatnovlar sonini oshirish hamda parvozlar geografiyasini kengaytirish va tomonlarning aviakompaniyalariga tegishli huquqlarni berish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasiga koʻra quyidagi kelishuvlarga erishildi:
Xususan, har bir mamlakat tayinlangan aviakompaniyalari tomonidan haftasiga
- Toshkent – Moskva yoʻnalishida 50 tadan (jami 100 ta);
- Samarqand – Moskva yoʻnalishida 23 tadan (jami 46 ta);
- Buxoro – Moskva, Urganch – Moskva, Fargʻona – Moskva, Namangan –Moskva yoʻnalishlarida 14 tadan (jami 112 ta);
- Toshkent – Sankt-Peterburg, Toshkent – Krasnoyarsk, Toshkent – Sochi yoʻnalishlarida 14 tadan (jami 42 ta);
- Termiz – Moskva yoʻnalishida 10 tadan (jami 20 ta);
- boshqa barcha shaharlar yoʻnalishlarida 7 tadan, yaʼni Rossiya aviatashuvchilari uchun ularning 80 ta xalqaro aeroportidan Oʻzbekistonning barcha xalqaro aeroportlariga jami 560 ta, Oʻzbekiston aviatashuvchilari uchun Oʻzbekistonning barcha xalqaro aeroportlaridan yuqorida qayd etilganidan tashqari Rossiyaning eng yirik 29 ta xalqaro aeroportlariga jami 203 ta aviaqatnovni amalga oshirish huquqini berish;
- shuningdek, aviaqatnovlarni amalga oshirish chogʻida 3 ta parvoz manzilini oʻzida birlashtiruvchi “uchburchak” shakldagi qatnovlarni amalga oshirish doirasida aviakompaniyalar soni boʻyicha cheklovlarni bekor qilib, har bir kompaniyaga 5 tagacha shaharni tanlash huquqini berish.
Mazkur kelishuv doirasida har ikki mamlakat aviakompaniyalari barcha parvoz shaharlaridan samarali foydalangan holda haftasiga 1000 dan ortiq qatnovni amalga oshirish huquqiga ega boʻldi, ayni vaqtda ikki mamlakat oʻrtasida haftasiga jami 310 dan ortiq muntazam aviaqatnov bajarilmoqda.
Erishilgan kelishuv yoʻlovchi va yuk tashish hajmini oshirish bilan birga, ikki davlat oʻrtasida turistlarning erkin harakatlanishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratgan holda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.









