Mamlakatimizda “yashil” vodorod ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod qurilishi mumkin

    Kecha Toshkent shahrida Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Saudiya Arabistoni ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) maʼlumotiga koʻra, suhbatda kompaniyaning mamlakatimizdagi loyihalar portfelini amalga oshirishning dolzarb masalalari hamda tomonlarni qiziqtirgan sohalarda investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

    ACWA Power kompaniyasining oʻlkamizning energetika sohasini rivojlantirishga qoʻshayotgan salmoqli hissasi qayd etildi. Bugungi kunda kompaniyaning Oʻzbekistondagi investitsiyaviy portfeli umumiy qiymati 4,4 milliard dollardan ortiq va quvvati 4,1 GVt dan koʻp boʻlgan 5 ta loyihadan iborat. Kompaniyaning muvaffaqiyatlari Oʻzbekistonni qulay sarmoyaviy muhitga ega mamlakat va Markaziy Osiyo mintaqasida qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish boʻyicha yetakchi markaz sifatida ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

    Yigʻilishda Sirdaryo, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida umumiy quvvati 2,6 GVt boʻlgan shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Loyihalarni rejadan oldin ishga tushirish maqsadida olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar kompleksini koʻrishga kelishildi.

    Birgalikda hayotga joriy etilishi rejalashtirilgan bir qator yangi loyihalar koʻrib chiqildi. Shu oʻrinda, tomonlar Samarqand viloyatida 500 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi va Toshkent viloyatida 200 MVtli quyosh elektr stansiyasini qurish loyihalari boʻyicha tegishli loyihaoldi jarayonlar nihoyasiga etgani va yangi shartnomalar tuzilganini olqishladi.

    Alohida tartibda Oʻzbekistonda “yashil” vodorod ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod qurish rejalari muhokama qilindi.

    Tomonlar, shuningdek, kimyo sanoati, bank, telekommunikatsiya, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi investitsiyaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

    Muzokaralar yakunlari boʻyicha tomonlar muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni oʻz vaqtida va muvaffaqiyatli amalga oshirish doirasida manzilli chora-tadbirlar koʻrishga kelishib oldilar.