O'zbekiston va Saudiya Arabistoni mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo'lish bo'yicha muzokaralarni yakunladi

    Saudiya Arabistonining «An-Nahar news» gazetasida «O'zbekiston Saudiya Arabistoni bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo'lish bo'yicha muzokaralarni yakunladi» sarlavhali maqola e’lon qilindi.

    Nashrda Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish boʻyicha Ishchi guruhining 7-yigʻilishi arafasida Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasida aʼzolik boʻyicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash toʻgʻrisida bayonnoma imzolangani maʼlum qilingan. Qayd etilganidek, bu bilan Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi boʻyicha yakuniy kelishuvni imzolagan davlatlar soni yana bittaga oshdi.

    Maqolada, shuningdek, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi doirasida Saudiya Arabistoni bilan tovar va xizmatlar bozoriga kirish boʻyicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash toʻgʻrisidagi protokol imzolangani xabar qilingan.

    «Bayonnoma 15-noyabr kuni Jahon savdo tashkilotining Jenevadagi qarorgohida Oʻzbekiston Prezidentining JST masalalari boʻyicha maxsus vakili Azizbek Oʻrunov va Saudiya Arabistonining JSTdagi elchisi Saqr al-Muqbel tomonidan imzolandi, - deb yozgan nashr. – Marosimda, shuningdek, Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha idoralararo komissiya raisi Jamshid Xoʻjayev ishtirok etdi».